“Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi ishga tushiriladi

“Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi ishga tushiriladi

“Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi ishga tushiriladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasini 2026–2027 yillarda amalga oshirish hamda yoshlar bandligini taʼminlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2030 yilga qadar 20 ming nafar yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitishga mo‘ljallangan Yoshlar ishlari agentligining “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi ishga tushiriladi, unga ko‘ra:

mahalliy va xorijiy ekspertlar (konsultantlar) hamda xususiy sektor bilan shartnoma asosida hamkorlik qilinadi, “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi doirasida o‘qitish uchun yoshlar saralab olinadi;

Dasturi doirasida biznes loyihasini ishlab chiqish, sotuvga chiqish va bozorni kengaytirish kabi yo‘nalishlarni qamrab oluvchi tadbirkorlik asoslari bo‘yicha bilimlar berib boriladi;

loyiha yakunida yoshlarning bilimlari sinovdan o‘tkazilib, ijobiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga erishgan eng yaxshi 1 ming nafar yoshlarga Yoshlar ishlari agentligining sertifikati beriladi;

sertifikatga ega bo‘lgan yoshlarga BHMning 500 baravarigacha miqdorda Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi miqdoridagi foiz stavkasida 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga ssuda ajratiladi.

2026 yil 1 avgustdan tuman fermerlari kengashlari huzuridagi Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari tomonidan boshlig‘i yoshlar bo‘lgan yangi tashkil etilgan fermer xo‘jaliklariga aʼzolik badallari to‘langanligi hamda paxta va g‘alla yetishtirishidan qatʼi nazar 2 yil davomida bepul xizmat ko‘rsatiladi.

2026 yil 1 iyuldan yoshlar tashkil etgan tadbirkorlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga (elektr energiyasi, ichimlik suvi va oqova suv tarmog‘i) ulash bilan bog‘liq davlat xizmatlari xarajatlarining ko‘pi bilan BHMning 10 baravarigacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi.

2026 yil 1 iyuldan yoshlarni davlat xizmatiga qabul qilish jarayonlarida yagona yondashuvni taʼminlash bo‘yicha quyidagi tartiblar joriy etiladi:

suhbat bosqichida beriladigan savollar (topshiriqlar) davlat organining rasmiy veb-saytida kamida 1 oy oldin eʼlon qilinadi, 1 oy oldin eʼlon qilinmagan savollarni nomzodlarga berish taqiqlanadi;

ichki tanlovlar o‘tkazilmaydigan hamda tanlovlarni o‘tkazishda nomzodlarga nisbatan umumiy yoki maxsus ish stajiga oid talablar belgilanmaydigan lavozimlar ro‘yxati hamda tanlovlarni o‘tkazishda nomzodlarga nisbatan ko‘pi bilan 2 yil umumiy yoki maxsus ish stajiga oid talablar qo‘yiladigan lavozimlar ro‘yxati belgilanadi.

Shuningdek, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan hamda zamonaviy kasblar reyestri (Reyestr) shakllantiriladi.

Reyestrga kiritilgan kasblarga o‘qigan yoshlarning kasbiy ko‘nikmalarini baholash – milliy sertifikatsiyalash tizimi joriy etiladi.

Zamonaviy kasblar bo‘yicha milliy sertifikat olgan quyidagi toifadagi yoshlarning xarajatlari “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi:

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan davlat taʼminotidagi oilalar va kambag‘al oilalarning farzandlariga o‘qish va imtihon xarajatlari;

“kambag‘allik chegarasidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarning farzandlariga imtihon topshirish xarajatlari.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling