O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Xitoylik investorlar Farg'onada yangi loyihalarni rejalashtirmoqdalar

UzDaily · 17.06.2026 · 19:05 · 28 views
Xitoylik investorlar Farg'onada yangi loyihalarni rejalashtirmoqdalar

Xitoylik investorlar Farg'onada yangi loyihalarni rejalashtirmoqdalar

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘onada viloyati hokimi Xayrullo Bozorov bugun V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Xitoyning "Shaanxi Puruida Industrial Group Co., Ltd." kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Chjan Yuansin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda xitoylik sarmoyadorlar ishtirokida Farg‘ona viloyatida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Viloyat hokimi Farg‘onada investorlar uchun qulay biznes muhiti yaratilgani, xorijiy sarmoyadorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur shart-sharoitlar mavjudligini taʼkidladi. Shuningdek, xitoylik investorlar bilan hamkorlikni yana-da rivojlantirish maqsadida maxsus markaz tashkil etilgani qayd etildi.

Xitoylik investorlar kompaniya faoliyati haqida maʼlumot berib, O‘zbekistondagi liftlar bozorini o‘rganishgani, mazkur yo‘nalishni rivojlantirish uchun Farg‘ona viloyatidagi shart-sharoitlar yuqori baholanganini bildirib, dastlabki bosqichda viloyatda lift ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish niyatida ekanliklarini maʼlum qilishdi.

Shuningdek, tekstil sohasida ham hamkorlik qilishga qiziqish bildirilib, o‘z hamkorlarini Farg‘onaga jalb etish va qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish taklifi ilgari surildi. Kompaniya tasarrufida yirik tekstil sanoat zonalari mavjud bo‘lib, ishlab chiqarilgan mahsulotlarning asosiy bozori Yevropa davlatlari hisoblanadi.

Viloyat hokimi mazkur investitsiya loyihalarini amalga oshirishda har tomonlama amaliy ko‘mak ko‘rsatilishini bildirdi.

"Shaanxi Puruida Industrial Group Co., Ltd." Xitoyning Shensi provinsiyasining Ankan shahrida joylashgan ko‘p tarmoqli sanoat guruhi bo‘lib, bugungi kunda lift ishlab chiqarish, ko‘chmas mulk developmenti, elektromexanik qurilish, industrial parklar boshqaruvi hamda foydali qazilmalarni o‘zlashtirish yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi.

UzDaily · 👁 28 views · 17.06.2026 · 19:05