O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Toza energiya markazi ustavini ratifikatsiya qilish to'g'risidagi qonun ma'qullandi

UzDaily tahririyati · 02.07.2026 · 10:30 · 32 views
Toza energiya markazi ustavini ratifikatsiya qilish to'g'risidagi qonun ma'qullandi

Toza energiya markazi ustavini ratifikatsiya qilish to'g'risidagi qonun ma'qullandi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Toza energiya markazi ustavini (Ashxobod, 2021-yil 27-noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda.

Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasi “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, u orqali Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida tashkil etilayotgan Toza energiya markazi ustavini ratifikatsiya qilish nazarda tutilmoqda. Toza energiya markazi ustavi 2021-yil 27-noyabrda Ashxobod shahrida qabul qilingan. Ustav 2024-yilda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan imzolangan.

Qonun loyihasining qabul qilinishi O‘zbekistonning mintaqaviy energetik hamkorlikdagi ishtirokini yanada mustahkamlashga, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish hamda “yashil” taraqqiyot maqsadlariga erishish yo‘lidagi amaliy qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda energetika sohasini modernizatsiya qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. “Yashil” iqtisodiyotga o‘tish, iqtisodiyot tarmoqlarida energiya tejamkor texnologiyalarni kengaytirish, quyosh va shamol elektr stansiyalarini barpo etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Bu borada erishilayotgan amaliy natijalar O‘zbekistonning nafaqat milliy energetika xavfsizligini ta’minlash, balki mintaqada toza energiya va barqaror taraqqiyot kun tartibini ilgari surishda ham faol ishtirok etayotganini ko‘rsatadi. Shu ma’noda, IHT Toza energiya markazi ustavini ratifikatsiya qilish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “yashil” islohotlarni mintaqaviy hamkorlik, ilmiy-texnik almashinuv va qo‘shma loyihalar bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.

Majlisda qayd etilganidek, Toza energiya markazining asosiy maqsadi qayta tiklanuvchi energiya va energiya samaradorligi sohasini rivojlantirish, shuningdek, a’zo davlatlarning milliy institutlari salohiyatini kengaytirishga ko‘maklashishdan iborat.

Markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida IHTga a’zo mamlakatlarning vakolatli idoralari o‘rtasida barqaror energetika sohasida muvofiqlashtirilgan hamkorlik kuchayadi. Shu bilan birga, mintaqaviy loyihalarni ishlab chiqish, amalga oshirish va ularga texnik yordam ko‘rsatish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.

Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, energiya xavfsizligini ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlarida energiya tejamkorligini oshirish hamda qayta tiklanuvchi energiya ulushini ko‘paytirish bugungi kunda barqaror rivojlanishning muhim shartlaridan biriga aylanmoqda. Shu jihatdan mazkur qonun loyihasi O‘zbekistonning milliy manfaatlari, iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish va xalqaro iqlim majburiyatlarini amalga oshirish maqsadlariga hamohangdir.

Deputatlar ta’kidlaganidek, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi O‘zbekistonning Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasidagi faol ishtirokini kengaytiradi, toza energiya sohasida ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantiradi hamda mintaqada barqaror energetika infratuzilmasini shakllantirishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.