Namangan viloyatida Xitoyning fazoviy rejalashtirish standartlari joriy etiladi
Namangan viloyatida Xitoyning fazoviy rejalashtirish standartlari joriy etiladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Xitoy Xalq Respublikasining shaharsozlik va loyihalash yo‘nalishidagi nufuzli tashkilotlaridan biri — China Urban Construction Design Research Institute (CUCD) kompaniyasi rahbariyati va mutaxassislaridan iborat delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda Xitoy tomonidan kompaniyaning Xalqaro konsalting markazi direktori Yuwei Xue, loyiha menejeri Weiqun Dong hamda shaharsozlik bo‘yicha mutaxassis Xuan Wang ishtirok etdi.
Muloqot chog‘ida hududlarni rivojlantirishning zamonaviy yondashuvlari, jumladan, bugungi kunda jahonda keng qo‘llanilayotgan master-rejalarni hududning fazoviy rejalashtirish mexanizmlariga uyg‘un holda ishlab chiqish amaliyotini Namangan viloyatida tadbiq etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, viloyatning Kosonsoy, Norin va Chortoq tumanlarini kompleks rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish, hududlarning fazoviy rejalarini tayyorlash, shuningdek, har bir tumanning iqtisodiy salohiyati va drayver yo‘nalishlaridan kelib chiqib alohida hududlar uchun master-rejalar ishlab chiqish ishlari kelishib olindi. O‘z navbatida kompaniya tahlilchilari va mutaxassislari ushbu tumanlarda loyihaoldi hujjatlarini shakllantirish ishlarini boshlashdi.
Taʼkidlanganidek, mazkur hamkorlik Namangan viloyatida urbanizatsiya va shaharsozlik jarayonlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, hududlarni uzoq muddatli strategik rejalashtirish va yangi iqtisodiy o‘sish nuqtalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu esa kelgusida hududlarning mavjud imkoniyatlaridan oqilona foydalanish, aholi uchun qulay va zamonaviy yashash muhitini yaratishga xizmat qiladi.