Markaziy Osiyo-Xitoy shartnomasini ratifikatsiya qilish to'g'risidagi qonun ma'qullandi
Markaziy Osiyo-Xitoy shartnomasini ratifikatsiya qilish to'g'risidagi qonun ma'qullandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston, O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi Shartnomani (Ostona, 2025-yil 17-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ushbu qonun loyihasi 2025-yilda 17-iyun kuni Ostona shahrida davlat rahbarlari tomonidan imzolangan bo‘lib, u “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati davlatlari o‘rtasida imzolangan birinchi xalqaro shartnoma hisoblanadi.
Shartnoma muqaddima va 15 ta moddadan iborat bo‘lib, u davlatlararo ko‘p tomonlama xalqaro shartnoma hisoblanadi. Shartnoma Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy o‘rtasida ko‘p tomonlama aloqalarning umumiy huquqiy asosini, o‘zaro huquq va majburiyatlarni belgilab beradi.
Unga ko‘ra, tomonlar xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiq, mustaqillik, suverenitet va hududiy yaxlitlikni o‘zaro hurmat qilish, o‘zaro hujum qilmaslik, ichki ishlarga aralashmaslik, o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli barqaror aloqalarni har tomonlama rivojlantirish to‘g‘risida kelishib olishgan.
Ushbu shartnomaga muvofiq, tomonlar siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazishga katta ahamiyat beradi, barcha darajadagi uchrashuvlar mexanizmidan, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar, tomonlarni qiziqtirgan global va mintaqaviy masalalar bo‘yicha pozitsiyalarni muntazam almashish hamda muvofiqlashtirish uchun oliy va yuqori darajadagi tashriflar mexanizmidan foydalanadi.
Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarni yanada mustahkamlash, o‘zaro savdo, investitsiya, texnologik va madaniy hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.