O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Tanzila Narbaeva va Ahmad Muzani erkin savdo shartnomasi va halol sertifikatlash masalalarini muhokama qilishdi

UzDaily tahririyati · 29.06.2026 · 23:57 · 31 views
Tanzila Narbaeva va Ahmad Muzani erkin savdo shartnomasi va halol sertifikatlash masalalarini muhokama qilishdi

Tanzila Narbaeva va Ahmad Muzani erkin savdo shartnomasi va halol sertifikatlash masalalarini muhokama qilishdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Indoneziya Respublikasi Xalq maslahat kengashi Raisi Ahmad Muzani boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, parlamentlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalarni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Parlamentlararo hamkorlikni yanada institutsional rivojlantirish masalalari uchrashuvning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Xususan, parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyatini kuchaytirish, hamkorlik bo‘yicha qo‘shma hujjatlarni ishlab chiqish, parlamentlararo forumlarni tashkil etish hamda islom sivilizatsiyasi va boy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Ahmad Muzani Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, bunyodkorlik ishlari, davlatning ochiq va konstruktiv tashqi siyosati, shuningdek, islom sivilizatsiyasi merosini asrab-avaylash va targ‘ib etish borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlarga yuqori baho berdi.

Shuningdek, XIV asr oxiri – XV asr boshlarida yashab ijod qilgan samarqandlik buyuk da’vatchi va so‘fiy olim Malik Ibrohim Samarqandiyning Yava oroli va umuman Indoneziyada islom dinining keng tarqalishidagi tarixiy xizmati alohida e’tirof etildi. Qayd etilganidek, mazkur tarixiy meros tufayli Indoneziya xalqi O‘zbekistonga chuqur hurmat va samimiy ehtirom bilan qaraydi.

Muzokaralar chog‘ida ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi ishonchli va faol siyosiy muloqot savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar hamda parlamentlararo hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘targani ta’kidlandi.

Tomonlar erkin savdo to‘g‘risidagi kelishuv bo‘yicha muzokaralarni jadallashtirish, halol sertifikatlarini o‘zaro tan olish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini kengaytirish kabi ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashdi.

Shuningdek, hududlararo sheriklikni rivojlantirish, turizm, ayniqsa ziyorat turizmi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, vizaviy tartib-taomillarni yanada soddalashtirish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi akademik aloqalarni mustahkamlash hamda qo‘shma madaniy-gumanitar loyihalarni izchil davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Ahmad Muzani Senatning Faxriy mehmonlar kitobida yozuv qoldirib, ikki tomonlama parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.