O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Toshkentda mototsiklist 15 sutkaga maʼmuriy qamoqqa olindi

Dilafro'z Niyazova · 12.08.2026 · 13:49 · 27 views
Toshkentda mototsiklist 15 sutkaga maʼmuriy qamoqqa olindi
Toshkentda mototsiklist 15 sutkaga maʼmuriy qamoqqa olindi / Foto: Surat sun'iy intellekti tomonidan yaratilgan.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda inspektorlarning transport vositasini to‘xtatish haqidagi qonuniy talabini bajarmasdan, yuqori tezlikda harakatlanishda davom etgan mototsiklist 15 sutkaga maʼmuriy qamoqqa olindi. Bu haqda Tashkent_Land xabar berdi.

Hodisa «Yangi O‘zbekiston» bog‘i yaqinidagi yo‘lda sodir bo‘lgan. Mototsiklist qoidabuzarlik aks etgan videoni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan. Videoda u Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi (YHXB) xodimlarining to‘xtash haqidagi talabiga qaramay, harakatni davom ettirgani ko‘rinib turibdi.

YHXB xodimlari haydovchining shaxsini aniqlaganidan so‘ng, unga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.

Ish sudda ko‘rib chiqilishi natijasida qoidabuzarga 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.

Bundan tashqari, erkakda faqat “B” toifali haydovchilik guvohnomasi borligi aniqlandi. Mototsikl boshqarish uchun esa “A” toifali haydovchilik guvohnomasi talab etiladi.

Maʼmuriy qamoq jazosini o‘tab bo‘lganidan so‘ng haydovchilik guvohnomasida zarur toifa mavjud emasligi sababli haydovchiga nisbatan qo‘shimcha choralar ko‘rilishi mumkin.

YHXB yo‘llarda videokuzatuv olib borilayotganini eslatib, yashirinish yoki javobgarlikdan qochishga urinish qoidabuzarlarni jazodan ozod qilmasligini taʼkidladi.