Toshkentda All Seasons mehmonxonalar tarmog'ini ochish rejalashtirilgan
Toshkentda All Seasons mehmonxonalar tarmog'ini ochish rejalashtirilgan
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 14-may kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov Xitoy kapitali ishtirokida tashkil etilgan “Tashkent-Shiyi-Hotel-Administration” kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.
Muzokaralar davomida kompaniya Toshkent shahrida Xitoyning “All Seasons” brendi ostida zamonaviy biznes-mehmonxonalar tarmog‘ini tashkil etish rejalarini taqdim etdi.
Tomonlar mehmonxona infratuzilmasini rivojlantirish, xorijiy mehmonlar va biznes vakillari uchun qulay sharoitlar yaratish hamda turizm sohasida mahalliy mutaxassislarni tayyorlash istiqbollarini muhokama qildilar.
Vazirlik ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi va loyihalarni belgilangan tartibda amalga oshirishda zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. Uchrashuv yakunida kompaniya vakillari V Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga taklif qilindi.