Toshkent viloyati va Fruitimpres Rimda agroexportni muhokama qilishdi
Toshkent viloyati va Fruitimpres Rimda agroexportni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi Ispaniya Qirolligiga xizmat safarini yakunlab, Italiyaning Rim shahrida hamkorlik yo‘nalishidagi uchrashuv va muzokaralarni boshladi.
Xususan, delegatsiyasining Italiya Respublikasiga amaliy tashrifi kun tartibi doirasida Rim shahrida Fruitimprese tashkiloti rahbariyati va aʼzo kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Viloyat delegatsiyasini Italiya meva-sabzavot sohasidagi taniqli tadbirkor va Fruitimprese uyushmasi rahbari Marko Salvi samimiy qarshi oldi.
Mazkur tashkilot Italiyaning meva-sabzavot mahsulotlari importi va eksporti sohasidagi eng yirik mustaqil tarmoq assotsiatsiyalaridan biri bo‘lib, 1949 yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda Fruitimprese safida 300 dan ortiq yetakchi importyor, eksportyor va agrobiznes kompaniyalari faoliyat yuritmoqda.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida agrar sohadagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da kengaytirish, xususan, meva-sabzavot mahsulotlari eksporti, zamonaviy agrologistika, qayta ishlash sanoati va investitsiya hamkorligini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Zoyir Mirzayev Toshkent viloyatida qishloq xo‘jaligi, jumladan, meva-sabzavotchilik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, eksportbop mahsulotlar hajmini oshirish, agroklasterlar va logistika infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.
Shuningdek, Italiya tomoni bilan mahsulotlarni saqlash, saralash, qadoqlash va logistika tizimlarini joriy etish, Yevropa Ittifoqi bozori talablariga muvofiq sanitariya va sertifikatlash yo‘nalishlarida tajriba almashish muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.
Muzokaralarda Fruitimprese tashkiloti rahbari Marko Salvi Italiya meva-sabzavotchilik tarmog‘ida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, yangi bozorlarga chiqish va innovatsion yondashuvlarni joriy etish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. U O‘zbekistonning agrar salohiyati, eksport imkoniyatlari va qayta ishlash tarmog‘idagi istiqbolli loyihalari Italiya biznes doiralarida katta qiziqish uyg‘otayotganini qayd etdi.
Tomonlar mazkur muloqot Italiya bilan O‘zbekiston, shu jumladan, Toshkent viloyati o‘rtasidagi agrosanoat hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishi, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida mustahkam va uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini shakllantirishga xizmat qilishini taʼkidladilar.