Toshkent viloyati Italiyadagi FAO bilan loyihalarni muhokama qildi

Toshkent viloyati Italiyadagi FAO bilan loyihalarni muhokama qildi

Toshkent viloyati Italiyadagi FAO bilan loyihalarni muhokama qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ayni damda amaliy safar bilan Italiyada bo‘lib turgan viloyat hokimi Zoyir Mirzayev rahbarligidagi delegatsiya tashrif doirasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Bosh qarorgohida bo‘lib, tashkilotning Bosh direktori birinchi o‘rinbosari Maurizio Martina bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv ochiq muloqot, o‘zaro hurmat va anglash ruhida kechdi.

Suhbat avvalida tomonlar O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, ayniqsa, savdo-iqtisodiy va agrar sohalardagi aloqalar izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladilar.

Toshkent viloyati hokimi samimiy qabul va muloqot uchun minnatdorlik bildirib, bugungi kunda O‘zbekistonda, xususan, Toshkent viloyatida qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda resurs tejamkor yondashuvlarni keng joriy etish davlat siyosati darajasidagi ustuvor vazifalardan biri ekanini qayd etdi.

Shu nuqtai nazardan, mazkur nufuzli tashkilot bilan hamkorlikda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, iqlim o‘zgarishiga mos qishloq xo‘jaligi yechimlari, veterinariya va fitosanitariya yo‘nalishidagi ilg‘or tajribalarni almashish, shuningdek, tashkilotning fermerlar va mutaxassislar uchun malaka oshirish dasturlari Toshkent viloyati uchun alohida ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Ma’lumki, FAO — BMTning qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanish sohasidagi eng yirik xalqaro tuzilmasi bo‘lib, agrar sohada islohotlar va investisiyaviy loyihalar uchun muhim hamkor hisoblanadi.

2025 yilda O‘zbekiston o‘z tarixida birinchi marta ushbu nufuzli organ tarkibiga bir ovozdan saylangan.

Muloqot davomida Toshkent viloyati uchun istiqbolli hisoblangan intensiv qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, agrologistika tizimini takomillashtirish, agromahsulotlarni chuqur qayta ishlash, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, iqlim o‘zgarishiga mos agrotexnologiyalarni tatbiq etish hamda fermerlar malakasini oshirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar Toshkent viloyatida ushbu tashkilot bilan hamkorlikda pilot loyihalar va innovasion dasturlarni amalga oshirish, xalqaro tajribani amaliyotga keng tatbiq etishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuv yakunida bu muloqot qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanish sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling