Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy investitsiyalardagi nomutanosiblikni tanqid qildi
Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy investitsiyalardagi nomutanosiblikni tanqid qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
Davlatimiz rahbari asosiy masalaga o‘tishdan avval o‘tgan hafta yuksak saviyada o‘tkazilgan beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlariga to‘xtaldi. Forum doirasida xorijiy hamkorlar bilan 43 milliard dollarlik 177 ta kelishuvga erishilganini ta’kidladi.
"Har bir kelishuv loyihaga, ish o‘rniga, yuqori qo‘shilgan qiymatga aylanishi shart", - dedi Prezidentimiz.
Mutasaddilarga xorijiy investorlar ko‘targan 120 ta taklifning yechimi bo‘yicha qaror kiritish topshirildi.
Umuman, tarmoq rahbarlari va hokimlar investitsiya sifati va samaradorligi bo‘yicha yondashuvlarini o‘zgartirishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
So‘nggi besh yilda yurtimizga kiritilgan jami investitsiyaning yarmi 4 ta hududga to‘g‘ri kelgan. Lekin jalb qilingan sarmoyaning iqtisodiyotga qaytimi bo‘yicha hududlar o‘rtasidagi tafovut katta.
Masalan, 1 million so‘mlik investitsiya Farg‘onaning yalpi hududiy mahsulotiga qo‘shimcha 273 ming so‘mlik, Samarqandda 262 ming so‘mlik qo‘shilgan qiymat beryapti. Lekin Buxoroda bu atigi 117 ming so‘m. Ya’ni hududga olib kelinayotgan investitsiya samarasi boshqa hududlardan 2 karra past.
Hokimlar qaysi tumanida qaysi tarmoqni qanday rivojlantirish, nima loyihaga investitsiya olib kelsa, eng yuqori samaradorlikka erishishini aniq hisob-kitob qilishi kerakligi qayd etildi.
Buning uchun iqtisodiyotdagi 12 ta tarmoqqa 14 ta “aql markazi” hamda 37 ta sohaviy ilmiy institut va oliygohlar nomma-nom biriktirildi.
Misol uchun, qurilish materiallari tarmog‘iga “aql markazi” sifatida Makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari markazi hamda Materialshunoslik instituti va Toshkent arxitektura-qurilish universiteti biriktirildi.
Ular yangi turdagi materiallarga talab, buni qoplash uchun qaysi tumanda nima loyiha qilish, qanday texnologiyadan foydalanish, qaysi yo‘nalishlarda kadr tayyorlash kerakligini tahlil qiladi.
Barcha tarmoq rahbarlariga “aql markazi”, sohaviy ilmiy institut va oliygohlar bilan har bir tuman imkoniyatini shu yondashuv asosida tahlil qilib, yalpi hududiy mahsulot o‘sishiga katta turtki beradigan loyihalar paketini tayyorlash topshirildi.
Prezidentimiz qurilish materiallari sohasini quruvchining ishonchini qozonib, sifat, standart, assortiment va narx bo‘yicha kompleks yechim taklif qiladigan tarmoqqa aylantirish lozimligini ta’kidladi.
Bundan 10 yil oldin mahalliy qurilish materiallari deganda qum-shag‘al, g‘isht, sement, oyna va shifer tushunilar edi. Bu nari borsa qurilishda ishlatiladigan jami materiallarning 35-40 foizini tashkil qilgan.
So‘nggi o‘n yilda sohaga 12 milliard dollar investitsiya kiritildi, 4 mingdan ortiq yangi zamonaviy korxonalar ishga tushdi.
Sement, oyna, bazalt, keramik buyumlar, gazoblok, quruq qorishmalar kabi asosiy turdagi 20 dan ortiq mahsulotlarga bo‘lgan ichki talabni to‘liq qoplaydigan quvvatlar yaratildi. Issiqlik saqlovchi, kompozit material, ekologik pardozlash materiallari va pol qoplamalari kabi yuqori qo‘shilgan qiymatli yangi yo‘nalishlar jadal rivojlanmoqda.
Umuman, yangi uy-joylar va sanoat binolari qurishga kerak bo‘ladigan 98 foiz materiallarni o‘zimizda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Buning hisobiga o‘tgan davrda sohada ishlab chiqarish hajmi 7 trilliondan 53 trillion so‘mga oshdi. Sohadagi eksport o‘tgan yili 1,2 milliard dollarni tashkil qildi.
Asosiysi, o‘tgan davrda mazkur tarmoq import o‘rnini qoplashning muhim bosqichidan o‘tdi.
Yil boshida aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha katta dastur qabul qilinib, 2040-yilga qadar quriladigan uy-joylar sonini 2 karra oshirib, yiliga 280 mingga yetkazish, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini 61 tadan 120 taga ko‘paytirish reja qilindi.
Yiliga 20-25 million kvadrat metrli tijorat binolari foydalanishga topshirilyapti. Muxtasar aytganda, uy-joy va tijorat binolarining o‘zigina yiliga kamida 10 milliard dollarlik qurilish materiallariga talab yaratadi.
Toshkent xalqaro investitsiya forumida hamkorlarga yana 27 milliard dollarlik infratuzilma loyihalari taklif qilindi.
Masalan, Jizzaxda atom elektr stansiyasini, Toshkent viloyatida 4-misni boyitish fabrikasi, O‘rta Chirchiqda 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega Yangi Toshkent aeroporti, Yangi Toshkentda 55 ming o‘rinli futbol stadioni, 282 kilometrli Toshkent – Samarqand yo‘lini qurish kabi yirik loyihalarga ham birinchi navbatda qurilish materiallari zarur.
Umuman, yirik loyihalarda foydalaniladigan materiallarga standart, sifat, sertifikat bo‘yicha yuqori talablar qo‘yilishi tabiiy. Shu bois, yirik loyihalarni mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan bog‘laydigan yangi tizim yaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yirik va megaloyihalarga sarmoya kiritayotgan investorlar import materiallarni olib kelishda qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilishni so‘raydi. Shu bilan birga, bunday loyihalarga o‘z mahsulotlarini taklif qilish istagida yurgan mahalliy korxonalar ham ko‘p.
Ular “Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyoz mahalliy mahsulotlarga ham qo‘llanilsa, sifat bo‘yicha ham, standart bo‘yicha ham raqobatga tayyormiz”, demoqda.
Mutasaddilarga yirik va megaloyihalarga import va mahalliy mahsulotlarni yetkazib berishda teng sharoitni ta’minlash bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Hozirda sohadagi 457 ta korxonaning kredit bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi 3,5 trillion so‘mga yetgani qayd etildi. Sabab – ushbu korxonalar chiqarayotgan mahsulotlar tannarxi qimmatligi, bugungi bozor talabiga to‘liq javob bermagani uchun xaridor topa olmayapti.
Mas’ullarga 457 ta korxonaning har biriga borib, ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha qisqa muddatli dastur ishlab chiqish, ayni maqsadlar uchun 50 million dollar resurs ajratish topshirildi.
Mazkur mablag‘lar mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish orqali tannarxni pasaytirish va bozorda talab yuqori mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.
Yaqinda hududlarda sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ikki yillik katta dastur qabul qilindi.
Dastur doirasida 34 ta yirik turizm obyekti, 1 mingdan ortiq joylashtirish vositasi, xususan, 200 ta mehmonxona qurish reja qilingan.
Masalan, Parkentda yaqinda ochiladigan “Kumushkon resort” turizm kompleksida 98 foiz mahalliy qurilish materiallari ishlatilmoqda.
Hokimlar ham hududidagi barpo etilayotgan mehmonxonalarda mahalliy materiallar ulushini kamida 95 foizga yetkazishi zarurligi qayd etildi.
Buning uchun keyingi yil yakuniga qadar mehmonxona qurish va bezatishda foydalaniladigan lok-bo‘yoq ishlab chiqarishni 119 mingdan 150 ming tonnaga, santexnikani 1,5 milliondan 2 million donaga, PVX quvur va fitinglarni 255 mingdan 300 ming tonnaga, gulqog‘ozni 6 milliondan 7,5 million tonnaga, dekorativ panellarni 15 million kvadratdan 18 million kvadrat metrga yetkazishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yangiliklar yangilanmoqda