SES: Ebola virusi O‘zbekiston uchun xavf tug‘dirmaydi

SES: Ebola virusi O‘zbekiston uchun xavf tug‘dirmaydi

SES: Ebola virusi O‘zbekiston uchun xavf tug‘dirmaydi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Axborot xizmati Ebola virusi O‘zbekiston uchun xavf tug‘dirmasligini maʼlum qildi. Idorada qayd etilishicha, mamlakatdagi epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lib qolmoqda va infeksiya tarqalishi xavfi past deb baholanmoqda.

Xabarda keltirilgan maʼlumotlarga ko‘ra, Ebola virusi asosan Afrika qitʼasida tarqalgan og‘ir yuqumli kasallik hisoblanadi. Joriy yilda Afrikada kasallikning 263 ta tasdiqlangan holati qayd etilgan bo‘lib, asosiy o‘choq Kongo Demokratik Respublikasi bo‘lib qolmoqda.

Taʼkidlanishicha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Ebola virusining global pandemiyaga aylanish ehtimolini past deb baholamoqda. O‘zbekistonda infeksiyaning ehtimoliy kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralari orqali kirib kelayotgan fuqarolar ustidan tibbiy kuzatuv olib borilmoqda.

Virus kasallangan odamlar yoki hayvonlarning biologik suyuqliklari, jumladan qon va boshqa ajralmalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish orqali yuqadi. Kasallikni davolashning maxsus usuli mavjud emas, davolash simptomlarga qarab olib boriladi.

Xabarda fuqarolarga virus faol tarqalayotgan mamlakatlarga safar qilishdan tiyilish tavsiya etilgan. Shuningdek, profilaktika choralari sifatida yovvoyi hayvonlar bilan aloqadan saqlanish, yovvoyi hayvonlar go‘shti va xom mahsulotlarni isteʼmol qilmaslik, qo‘l gigiyenasiga rioya qilish, xavfsiz ichimlik suvidan foydalanish hamda endemik hududlarga safardan so‘ng kasallik alomatlari kuzatilsa, shifokorga murojaat qilish tavsiya qilingan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling