Senat "El-Yurt umidi" jamg'armasi va eksportga oid tuzatishlarni ma'qulladi
Senat "El-Yurt umidi" jamg'armasi va eksportga oid tuzatishlarni ma'qulladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda iqtidorli yoshlar va mutaxassislarning xorijdagi nufuzli taʼlim tashkilotlarida, ilmiy va boshqa tashkilotlarda taʼlim olishini tashkil etishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Ayni vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan stipendiatlar uchun sarflangan oʻqitish xarajatlarini undirish mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, vazirliklar va idoralarning buyruqlari hamda qarorlarini huquqiy ekspertizadan va davlat roʻyxatidan oʻtkazish muddatlarini qayta koʻrib chiqish zarurati yuzaga kelgan.
Qonun bilan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiat uchun sarflagan oʻqitish xarajatlarini undirish yuzasidan sudlarga kiritgan daʼvolari boʻyicha davlat bojini toʻlashdan ozod qilinishini nazarda tutuvchi tuzatishlar kiritilmoqda. Shuningdek, “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunda vazirliklar va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlarini huquqiy ekspertizadan hamda davlat roʻyxatidan oʻtkazish muddatlari qisqartirilmoqda
Bundan tashqari, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonunga Prezident va Hukumat qarorlariga binoan olib chiqiladigan buyumlar va mahsulotlarni eksport qilishga doir ruxsatnoma berish tartibi bekor qilinishi, shuningdek, qimmatbaho metallardan yasalgan yarim tayyor zargarlik buyumlarini Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan tashqariga olib chiqishda Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasining xulosasi olinishini belgilovchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Senatorlarning fikricha, Qonun “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan sarflangan mablagʻlarni oʻz vaqtida Davlat byudjetiga qaytarish mexanizmlarini kuchaytirishga, shuningdek, norma ijodkorligi faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga, mahalliy zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Senatorlar Qonunni maʼqulladi.