O‘zbekiston va Eron turizm sohasida hamkorlikni muhokama qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon Aʼloyev 18 avgust kuni Tehronda Eron Madaniy meros, turizm va hunarmandchilik vaziri Sayid Rizo Solehi-Amiriy bilan uchrashdi.
Tomonlar madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Muzokaralar davomida ikki mamlakat vakillari O‘zbekiston va Eronning umumiy tarixiy-madaniy merosini asrash va ommalashtirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Turistik almashinuvlarni rivojlantirish va ikki mamlakatning sohaviy muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, tomonlar madaniyat va turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi hamda amaliy hamkorlikni yana-da kengaytirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Eron vakillari tegishli idoralar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirishga kelishib oldi.