O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Sardor Umurzakov Strategik rivojlanish agentligiga rahbar bo‘ldi

UzDaily tahririyati · 10.07.2026 · 17:05 · 31 views
Sardor Umurzakov Strategik rivojlanish agentligiga rahbar bo‘ldi

Sardor Umurzakov Strategik rivojlanish agentligiga rahbar bo‘ldi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sardor Umurzakovni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktori etib tayinladi. Bu haqda davlat rahbari tomonidan tegishli farmon imzolandi.

Yangi tayinlov munosabati bilan Sardor Umurzakov 2025 yil iyul oyidan buyon egallab kelgan Prezidentning strategik rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi lavozimini tark etdi. Alohida farmon bilan mazkur maslahatchi lavozimi tugatildi.

Shu vaqtga qadar agentlik direktori vazifasini bajarib kelgan Abdulla Abduqodirov boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Sardor Umurzakov 1977 yilda tug‘ilgan. U Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Buyuk Britaniyadagi Reding universitetini tamomlagan. 2019 yildan investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimida ishlagan, 2020–2022 yillarda esa bir vaqtning o‘zida Bosh vazir o‘rinbosari vazifasini ham bajargan. 2022–2023 yillarda Sardor Umurzakov O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasiga rahbarlik qilgan.

Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi o‘tgan yilning noyabr oyida Strategik islohotlar agentligini qayta tashkil etish orqali tuzilgan. Islohot doirasida «maqsad — harakat — natija» tamoyili asosida strategik rejalashtirish tizimini joriy etish hamda Muvofiqlashtiruvchi kengash vakolatlarini kengaytirish nazarda tutilgan.