O‘zbekistonda ko‘p qavatli uylarni saqlash qoidalari yangilandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Adliya vazirligi ko‘p kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalariga kiritilgan o‘zgartishlarni ro‘yxatdan o‘tkazdi. Yangi normalar uch oydan so‘ng kuchga kiradi hamda kirish yo‘laklarini tozalash, split tizimlarini o‘rnatish va liftlardan foydalanish talablariga o‘zgartishlar kiritadi.
O‘zgartishlarga muvofiq, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlarining har oyda kirish yo‘laklari va zinapoyalarni devorlari bilan birga yuvishi haqidagi talab qoidalardan chiqarib tashlanadi. Shu bilan birga, kirish yo‘laklari va zinapoyalarni majburiy tozalash haftasiga bir marta amalga oshirilishi kerak.
Alohida o‘zgartishlar sovitish va isitish tizimlari uskunalarini joylashtirishga taalluqli. Kirish yo‘laklarida split tizimlarini o‘rnatish taqiqlanadi. Bunda binoning tashqi ko‘rinishi buzilmagan taqdirda, bunday uskunalarni balkon yoki lodjiyaning ichki qismiga joylashtirish imkoniyati saqlanib qoladi.
Yangi talablarda liftlar xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha qo‘shimcha majburiyatlar ham belgilangan. Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari liftlarning butun xizmat muddati davomida avariyasiz va xavfsiz ishlashini taʼminlashi kerak bo‘ladi. Liftlar ishi dispetcherlik nazorati ostida bo‘lishi lozim.
Lift kabinalarida operatorni chaqirish uchun ikki tomonlama ovozli aloqa imkoniyatiga ega yorug‘lik va ovozli signalizatsiya o‘rnatilishi kerak. Bundan tashqari, shaxta, mashina yoki blok xonasi eshiklarining ochilishi va yopilishidan xabar beruvchi yorug‘lik signalizatsiyasi ham bo‘lishi nazarda tutilgan.
O‘zgartishlar lift kabinalari ichidagi axborotga nisbatan yangi talablarni ham belgilaydi.
Har bir liftda uning yuk ko‘tarish qobiliyati va ruxsat etilgan yo‘lovchilar soni, «Xavfsiz lift» elektron platformasidagi ro‘yxatdan o‘tkazish raqami, davriy texnik ko‘rikdan o‘tgani haqidagi maʼlumotlar, shuningdek, liftga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot yoki avariya xizmati telefon raqami ko‘rsatilgan tablichka joylashtirilishi kerak.