Samarqand viloyati va Quvaytning Combined Group Contracting Company infratuzilma loyihalarini muhokama qilishdi
Samarqand viloyati va Quvaytning Combined Group Contracting Company infratuzilma loyihalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev “Combined Group Contracting Company” boshqaruv raisi Abdulrauf Al Rahmon bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda hududda zamonaviy infratuzilma obektlarini barpo etish, yo‘l qurilishi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda qurilish sohasidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Samarqand viloyatining iqtisodiy salohiyati, investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar va xorijiy kapital ishtirokidagi loyihalar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Abdulrauf Al Rahmon Samarqandning "Shirin" shaharchasida uy-joylar va savdo majmualari qurilishiga alohida qiziqish bildirdi.
Tomonlar transport, logistika, sanoat va infratuzilma yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar. Kompaniya vakillari viloyatda olib borilayotgan islohotlar va investitsion muhitni ijobiy baholab, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Muzokaralar yakunida qurilish va infratuzilma sohalarida aniq loyihalarni ishlab chiqish va kelgusida hamkorlikni izchil davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi.