Rossiyaning O'zbekistonga gaz yetkazib berish hajmi 15% ga oshdi
Rossiyaning O'zbekistonga gaz yetkazib berish hajmi 15% ga oshdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil yakunlariga ko‘ra, Rossiyaning O‘zbekistonga gaz yetkazib berish hajmi 15 foizga o‘sib, 6,48 milliard kubometrga yetdi. Bu haqda “Gazprom” kompaniyasining yillik hisobotida maʼlum qilingan.
Hujjatga ko‘ra, 2024 yilda yetkazib berish hajmi 5,64 milliard kubometrni tashkil etgan. Shu tariqa, bir yil ichida gaz uzatish hajmi qariyb 840 million kubometrga ko‘paygan.
Kompaniya maʼlum qilishicha, o‘sish Qozog‘iston hududi orqali revers rejimida foydalanilayotgan «Markaziy Osiyo — Markaz» magistral gaz quvuri orqali yetkazib berish hajmining oshirilishi hisobiga taʼminlangan. 2025 yilning to‘rtinchi choragida O‘zbekistonga gaz yetkazib berish maksimal texnik quvvat darajasida amalga oshirilgan.
Avvalroq “Gazprom” 2025 yil yakunlariga ko‘ra Rossiya gazini Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonga yetkazib berish hajmi 22,2 foizga oshganini maʼlum qilgan edi. Shuningdek, Gruziyaga gaz eksporti 40,4 foizga o‘sgani qayd etilgan.
O‘zbekiston 2023 yil iyun oyida “Gazprom” bilan tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan, amaldagi yetkazib berish esa shu yilning oktyabr oyida boshlangan.
2025 yil oktyabr oyida Rossiya tomoni shartnoma ijrosi davom etayotganini maʼlum qildi. Hujjatga ko‘ra, yiliga 7,7 milliard kubometr gaz yetkazib berish ko‘zda tutilgan bo‘lib, kelgusida hajmlarni yana-da oshirish imkoniyatlari ham qayd etilgan.
2024 yil iyun oyida “Gazprom” Qirg‘izistonga gaz yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlar, shuningdek Rossiya gazini O‘zbekiston va Qirg‘iziston yo‘nalishida tranzit qilish bo‘yicha Qozog‘iston bilan 2040 yilgacha amal qiladigan kelishuvlarni imzolagan.
Bundan tashqari, 2024 yil fevral oyida O‘zbekiston magistral gaz transport tizimini modernizatsiya qilish rejalari haqida xabar berilgan.
Loyihani amalga oshirish Rossiyadan gaz importini sutkasiga 9 million kubometrdan 32 million kubometrgacha oshirish imkonini berishi kutilmoqda.