Qonunchilik palatasi qoʻmitasi prekursorlarning muomalasi toʻgʻrisidagi qonun loyihasini koʻrib chiqdi
Qonunchilik palatasi qoʻmitasi prekursorlarning muomalasi toʻgʻrisidagi qonun loyihasini koʻrib chiqdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan prekursorlarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlik belgilashga qaratilgan qonun loyihasi dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda giyohvandlik va uyushgan narkojinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish orqali aholini, birinchi navbatda, yoshlar salomatligini hamda millat genofondini samarali himoya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, g‘ayriqonuniy narkolaboratoriyalarda prekursorlardan foydalangan holda sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash va tarqatishga qarshi kurashish samaradorligini oshirish maqsadida prekursorlarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlik choralarini belgilash zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilmoqda. Ya’ni, prekursorlarning qonuniy muomalasi tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Ayni paytda qo‘mita tomonidan qonun loyihasini quyi palata majlisi kun tartibiga kiritish uchun tayyorlanmoqda.