O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Saida Mirziyoyeva Qozog‘iston bilan strategik aloqalarni muhokama qildi

UzDaily · 22.06.2026 · 14:20 · 24 views
Saida Mirziyoyeva Qozog‘iston bilan strategik aloqalarni muhokama qildi

Saida Mirziyoyeva Qozog‘iston bilan strategik aloqalarni muhokama qildi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Ostona shahriga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida Qozog‘iston Respublikasining yuqori martabali rasmiylari bilan qator ishchi uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muzokaralar davomida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati tahlil qilinib, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Qozog‘iston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Roman Sklyar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar idoralararo hamkorlik mexanizmlarini atroflicha ko‘rib chiqdilar.

Muzokaralar yakunlariga ko‘ra, ikki davlat rahbarlari administratsiyalari o‘rtasida yana-da samarali va moslashuvchan muloqot kanallarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mazkur qadam Toshkent va Ostona o‘rtasida oliy darajada erishilgan keng ko‘lamli kelishuvlarning izchil nazorati hamda amaliy ijrosini taʼminlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Shuningdek, Saida Mirziyoyeva Qozog‘iston Respublikasi Davlat maslahatchisi Yerlan Karin bilan ham muzokaralar o‘tkazdi.

Suhbat chog‘ida tomonlar uzoq muddatli sheriklikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab oldilar va madaniy diplomatiya vositalarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratdilar.

Uchrashuv ishtirokchilari ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashda yosh avlod muhim bog‘lovchi bo‘g‘in ekanini taʼkidladilar.

Muzokaralar dasturidan texnologiyalar almashinuvini kengaytirish hamda yuqori texnologiyalar sohasida istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ham o‘rin oldi.

Ostona shahrida O‘zbekiston delegatsiyasi “Ostona” xalqaro moliya markaziga ham tashrif buyurdi.

O‘zbekistonda Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish rejalashtirilayotgani munosabati bilan Qozog‘istonning mazkur sohadagi tajribasini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Saida Mirziyoyeva tajriba almashish nafaqat ikki mamlakatning, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

UzDaily · 👁 24 views · 22.06.2026 · 14:20