O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Qonun loyihasi chet elliklarni ro'yxatdan o'tkazish uchun mas'uliyatni oshiradi

UzDaily tahririyati · 22.07.2026 · 18:50 · 35 views
Qonun loyihasi chet elliklarni ro'yxatdan o'tkazish uchun mas'uliyatni oshiradi

Qonun loyihasi chet elliklarni ro'yxatdan o'tkazish uchun mas'uliyatni oshiradi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda deputatlar tomonidan “Migratsiya sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, chet el investitsiyalarini jalb qilish nuqtayi nazaridan chet el fuqarolarining O‘zbekistonga kelishi va bu yerda turishi bilan bog‘liq tartib-taomillarni soddalashtirish va yengillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, bugungi kunda 80 dan ortiq davlatlarning fuqarolari uchun vizasiz kirish tizimi joriy etilgan, elektron vizalarni berish mexanizmlari yo‘lga qo‘yilgan. Natijada joriy yilning besh oyida yurtimizga xorijiy turistlar oqimi 27 foizga o‘sib, 5,5 million nafarni tashkil etdi.

O‘z navbatida, amaldagi qonunchilik bo‘yicha chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mehmonxonalar, motellar, turistik lagerlar, dam olish uylari va zonalari, sanatoriylar, davolash pansionatlari, davlat tasarrufidagi va xususiy klinikalar, shifoxonalar, kasalxonalarga kelganda ushbu tashkilot va muassasalar tomonidan ularni kelgan vaqtning o‘zida ro‘yxatga olish tartibi joriy qilingan.

Bu borada ushbu tashkilot va muassasalar tomonidan respublikamizga kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni belgilangan tartibda turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilmasligi holatlari uchramoqda. Shu munosabat bilan mazkur tashkilot va muassasalar tomonidan ushbu majburiyatlarini bajarmaslik va shaxslarni “E-mehmon” axborot tizimiga kiritmaslik bo‘yicha ularning javobgarligini oshirishga qaratilgan normalar qonun loyihasida taklif etilmoqda.

Shuningdek, qonun loyihasi bilan amaldagi qonun hujjatlari 2025 -yil 10-iyulda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qonun normalariga muvofiqlashtirilmoqda.

Xususan, qonun loyihasi bilan fuqarolarning yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq atama va tushunchalar, huquqiy mexanizmlar barcha qonun hujjatlarida birxillashtirilmoqda. Ya’ni, amaldagi bir qator kodeks va qonunlardagi “doimiy yashash joyi” yoki “vaqtinchalik yashash joyi” tushunchalari tegishincha “yashash joyi” va “turgan joyi” tushunchalari bilan almashtirilmoqda.

Deputatlar qonun loyihasining mazmun-mohiyati, uning amaliyotga ta’siri hamda huquqiy mexanizmlari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirdilar. Shuningdek, ayrim normalarni yanada aniqlashtirish va huquqni qo‘llash amaliyoti nuqtayi nazaridan takomillashtirish bo‘yicha takliflar ham ilgari surildi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.