Prezidentimiz “Navbahor” futbol klubining akademiyasida boʻldi
Prezidentimiz “Navbahor” futbol klubining akademiyasida boʻldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Davlatimiz rahbari Namangan viloyatiga tashrifi doirasida “Navbahor” futbol akademiyasiga tashrif buyurib, bu yerda yosh futbolchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va oʻquv-mashgʻulot jarayonlari bilan tanishdi.
Namangan viloyati oʻzining boy futbol anʼanalari va iqtidorli futbolchilari bilan mamlakatimizda alohida oʻrin tutadi. Yosh avlodni xalqaro standartlar asosida tayyorlash maqsadida “Navbahor” akademiyasi boshqaruvi uch yil muddatga dunyoning yetakchi futbol maktablaridan biri sanalgan Niderlandiyaning “Ayaks” futbol akademiyasiga boshqaruvga berilgan.
"Ayaks" dunyodagi eng mashhur akademiya hisoblanadi (1900 yilda tashkil etilgan) va o‘z tarbiyalanuvchilarini Yevropaning mashhur klublariga o‘tkazish orqali har yili o‘rtacha 50-70 million yevro daromad oladi.
Kelishuvga asosan, klublar o‘rtasida qo‘shma o‘smirlar futbol akademiyasi tashkil etilib, o‘zbekistonlik yosh futbolchilar va murabbiylarni tayyorlash bo‘yicha “Ayaks”ning boshqaruv modeli joriy etiladi.
Hozirgi kunda akademiyada xorijiy mutaxassislar, jumladan, murabbiy va skautlar faoliyat yuritib, mahalliy yoshlarni Yevropa futbol standartlari asosida tayyorlash ishlarini olib boryapti.
Prezidentimiz akademiya infratuzilmasi, mashgʻulot maydonlari hamda tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlarni koʻzdan kechirdi. Shuningdek, yosh futbolchilar bilan suhbatlashib, ularning orzu-intilishlari va kelgusi rejalari bilan qiziqdi.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda futbolni yanada rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro maydonlardagi ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari akademiya tarbiyalanuvchilari bilan suratga tushdi.