Oʻzbekiston va Suriya Halabda iqtisodiy forum oʻtkazdi

Oʻzbekiston va Suriya Halabda iqtisodiy forum oʻtkazdi

Oʻzbekiston va Suriya Halabda iqtisodiy forum oʻtkazdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Suriyaning yirik iqtisodiy va sanoat markazlaridan biri hisoblangan Halab shahrida O‘zbekiston–Suriya iqtisodiy forumi tashkil etildi. Mazkur tadbirda O‘zbekistonning Kuvaytdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Ayubxon Yunusov ko‘magida ikki mamlakatning 200 ga yaqin ishbilarmon doiralari ishtirok etdi.

Halab shahri (Aleppo) tarixan Suriyaning muhim savdo va hunarmandchilik markazlaridan biri bo‘lib, bugungi kunda mamlakat iqtisodiyotini tiklash jarayonlarida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois forum mazkur hududda yangi investitsiya va savdo aloqalarini rivojlantirish uchun muhim maydon vazifasini o‘tadi.

Forumda so‘zga chiqqan Davron Vaxabov hamda Suriya Savdo palatalari federatsiyasi prezidenti Aʼla Umar al-Ali O‘zbekiston va Suriya o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladilar.

Mazkur forum joriy yil fevral oyida Suriya ishbilarmon doiralari vakillarining O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifining mantiqiy davomi bo‘ldi. O‘sha tashrif doirasida dastlabki kelishuvlarga erishilgan bo‘lib, Halabdagi uchrashuvlar mazkur muloqotlarni amaliy hamkorlik bosqichiga olib chiqishga xizmat qildi.

Forum doirasida tekstil, charm-poyabzal, oziq-ovqat, qurilish materiallari, farmatsevtika, elektrotexnika hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sohalarida hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shuningdek, tadbir davomida O‘zbekiston va Suriya tadbirkorlari o‘rtasida B2B uchrashuvlar tashkil etilib, qator hamkorlik memorandumlari imzolandi. Uchrashuvlarda mahsulot eksportini kengaytirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish va o‘zaro savdo hajmini oshirish bo‘yicha fikr almashildi.

Tomonlar mazkur forum O‘zbekiston va Suriya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yana-da mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling