Oʻzbekiston va Polsha logistika markazini yaratish masalasini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Polsha logistika markazini yaratish masalasini muhokama qilishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Polsha Respublikasiga amalga oshirilayotgan biznes-missiya doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov hamda O‘zbekistonning Polsha Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Amirsaid Aʼzamxo‘jayev Polsha Senati Marshalining o‘rinbosari Mixal Kaminskiy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yana-da rivojlantirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri Polsha hududida O‘zbekiston mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi va boshqa xalqaro bozorlarga samarali yetkazib berishga xizmat qiladigan logistika xabini tashkil etish istiqbollari bo‘ldi.
Qayd etilganidek, mazkur xab o‘zbek eksportchilari uchun Yevropa bozoriga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, mahsulotlarning tezkor taqsimlanishini taʼminlash hamda yangi eksport yo‘nalishlarini ochishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tomonlar mazkur tashabbusni amalga oshirish bo‘yicha amaliy hamkorlikni davom ettirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni yana-da faollashtirish va qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.