Oʻzbekiston va KEXIM bolalar tibbiyot markazini qoʻllab-quvvatlashga kelishib oldilar
Oʻzbekiston va KEXIM bolalar tibbiyot markazini qoʻllab-quvvatlashga kelishib oldilar
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida yurtimizga tashrif buyurgan Koreya Eksport-import banki (KEXIM) vitse-prezidenti — Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) boshqaruv guruhi bosh ijrochi direktori So Djun-Xva boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ta’kidlanganidek, Koreya Respublikasi hukumati va Eksport-import banki O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilishda ko‘p yillardan buyon ishonchli va strategik hamkor sifatida faol ishtirok etib kelmoqda.
EDCF dasturi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar mamlakatimiz tibbiyot tizimini zamonaviy bosqichga olib chiqish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish hamda soha infratuzilmasini mustahkamlashga xizmat qilayotgani e’tirof etildi.
Yurtimizda KEXIM ishtirokida sohada qator yirik investitsiya loyihalari izchil amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Kattalar uchun zamonaviy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini barpo etish” loyihasi (qiymati 124 mln AQSh dollariga teng) doirasida qurilish ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda.
Shuningdek, “Milliy onkologiya markazini barpo etish” (qiymati – 127,5 mln AQSh dollari) hamda “Tibbiyot oliy ta’lim muassasasini tashkil etish” (70 mln AQSh dollari) loyihalari bo‘yicha konsultantlarni jalb qilish jarayonlari boshlangan.
“Hududiy tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash” loyihasi (qiymati 74 mln AQSh dollari) ham aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini sezilarli darajada yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Uchrashuv davomida Bolalar milliy tibbiyot markazi uchun EDCF doirasida postloyiha qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi memorandum imzolandi.
Unga ko‘ra, KEXIM tomonidan grant mablag‘lari (3 mln AQSh dollari) ajratilib, Bolalar milliy tibbiyot markazining muhandislik infratuzilmasini takomillashtirish, tibbiy jihozlarni ta’mirlash va ularning uzoq muddatli barqaror ishlashini ta’minlashga yo‘naltiriladi.
Ta’kidlanganidek, memorandum mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlab, sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi.