O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston va Jahon banki raqamli transformatsiya va sunʼiy intellektni muhokama qilishdi

UzDaily · 18.06.2026 · 17:20 · 28 views
Oʻzbekiston va Jahon banki raqamli transformatsiya va sunʼiy intellektni muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va Jahon banki raqamli transformatsiya va sunʼiy intellektni muhokama qilishdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 17-iyun kuni Jahon bankining raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt bo‘yicha vitse-prezidenti Sangbu Kim hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Jahon bankining raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt bo‘yicha mintaqaviy direktori Mishel Kerf, O‘zbekistondagi loyihalar rahbari Anastasiya Aleksandrova hamda Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, vazir o‘rinbosari Umid Abidxadjayev, G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi raisi Abdulaziz Xaydarov va boshqa ma’sullar ishtirok etdi.

Muloqot davomida tomonlar zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi iqtisodiyotni rivojlantirish, vazirlik faoliyat yo‘nalishlarida raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, innovatsion ekotizimni kengaytirish hamda xalqaro tajriba va ilg‘or yondashuvlar asosidagi yangi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Xususan, tomonlar zamonaviy iqtisodiyotning muhim tarkibiy qismlari hisoblangan IT, sun’iy intellekt, startaplar, raqamli yechimlar va yangi texnologik loyihalarni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Ushbu yo‘nalishlar mamlakatda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, iqtisodiyot tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirish hamda innovatsion rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar ochishi ta’kidlab o‘tildi.

Uchrashuvda Jahon banki vakillari O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot, innovatsiyalar, IT va startap ekotizimini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni ijobiy baholadi. Mehmonlar Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan izchil islohotlar mamlakatda zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlar salohiyatini yangi iqtisodiyot ehtiyojlariga yo‘naltirish uchun muhim imkoniyatlar yaratayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, yoshlarning zamonaviy bilim va kompetensiyalarini oshirish masalasiga e’tibor qaratildi. Jumladan, raqamli ko‘nikmalar, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish salohiyati, startap loyihalarini shakllantirish va ularni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha yoshlar uchun qulay muhit yaratish yangi iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim omillaridan biri sifatida ko‘rsatib o‘tildi.

Muhokamalarda tomonlar yarimo‘tkazgichlar sohasini rivojlantirish istiqbollari istiqbollari yuzasidan fikr almashdi. Mazkur yo‘nalish global texnologik zanjirlarning muhim bo‘g‘ini bo‘lib, sanoat, elektronika, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va yuqori texnologiyali ishlab chiqarish tarmoqlarining barqaror rivojlanishi bilan bevosita bog‘liq ekani alohida qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar yuqoridagi yo‘nalishlar yuzasidan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamda fikrlar almashinuvi jarayonlarini kengaytirishga kelishib oldi.

UzDaily · 👁 28 views · 18.06.2026 · 17:20