O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston va Hindiston yangi investitsiya loyihalarini muhokama qilishdi

UzDaily tahririyati · 03.08.2026 · 23:15 · 27 views
Oʻzbekiston va Hindiston yangi investitsiya loyihalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Hindiston yangi investitsiya loyihalarini muhokama qilishdi / Foto: ISSV.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 3-avgust kuni Nyu-Dehli shahrida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Hindiston Savdo va sanoat vaziri Piyush Goyal, FICCI va Invest India rahbariyati, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat 100 nafardan ortiq ishtirokchilar qatnashgan Hindiston–O‘zbekiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar savdo aloqalarini kengaytirish, investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi 30 foizga oshib, ilk bor 1,3 milliard AQSH dollaridan oshdi. Tomonlar savdo aylanmasini 2 milliard AQSH dollariga yetkazish maqsadini tasdiqladilar.

Shu nuqtayi nazardan bozorlarga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, tartib-taomillarni soddalashtirish hamda ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda Savdoga ko‘maklashish bo‘yicha anglashuv memorandumini birgalikda ishlab chiqishga kelishib olindi.

Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida metallurgiya, tog‘-kon va kimyo sanoati, energetika, raqamli infratuzilma, farmatsevtika, mashinasozlik hamda agrosanoat majmuasi belgilandi. Qo‘shma loyihalar portfeli 5 milliard AQSH dollaridan oshadi.

Forum yakunida o‘tkazilgan B2B va G2B uchrashuvlari ishbilarmon doiralar vakillariga aniq tashabbuslarni muhokama qilish hamda ularni amaliy amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilash imkonini berdi.