Oʻzbekiston va Hindiston oʻzaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi boʻlib oʻtgan muzokaralar yakunlari yuzasidan fikr bildirdilar.
Davlatimiz rahbari Hindiston Bosh vazirining Oʻzbekistonga tarixiy tashrifi katta ahamiyatga ega ekanini alohida taʼkidladi.
Oʻzbekiston yetakchisi ushbu sermahsul muzokaralar davlatlarimiz oʻrtasidagi samimiy doʻstlik, yuksak hurmat va oʻzaro ishonchning yana bir yorqin ifodasi boʻlganini qayd etdi.
Hindiston jahon miqyosida katta obroʻ-eʼtibor va nufuzga ega boʻlgan ishonchli va salohiyatli strategik sherik ekani eʼtirof etildi. Hindistonning raqamli texnologiyalar, dasturiy taʼminot va startaplar sohasidagi ulkan yutuqlari yuqori baholandi.
Shu sabab tashrifga jiddiy tayyorgarlik koʻrildi, salmoqli hujjatlar toʻplami, jumladan, Qoʻshma bayonot qabul qilinib, qator hukumatlararo bitimlar imzolandi.
Ikki tomonlama munosabatlar keng qamrovli strategik sheriklik bosqichiga koʻtarilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Asosiy eʼtibor iqtisodiy masalalarga qaratildi. Oʻtgan yili oʻzaro savdo aylanmasi hajmi 33 foizga oʻsib, 1,3 milliard dollarni tashkil qildi. Ushbu raqamni 2030-yilga qadar 5 milliard dollarga yetkazish rejasi belgilandi.
Tashrif doirasida muhim qoʻshma investitsiya loyihalari portfeli ishlab chiqildi. Bir qator yirik hind kompaniyalari bilan aniq kelishuvlarga erishildi.
Muloqotlar davomida energetika, nodir minerallar, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika, elektronika, mashinasozlik, zargarlik va qishloq xoʻjaligi sohalarida hamkorlikni kuchaytirish uchun yangi “oʻsish nuqtalari” belgilab olingani maʼlum qilindi.
Xalqaro va mintaqaviy maydonlarda, jumladan, BMT, ShHT, Qoʻshilmaslik harakati, BRICS va Global janub mamlakatlari bilan hamkorlik doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.
Madaniy-gumanitar aloqalar haqida soʻz yuritilar ekan, yurtimizda Hindistonning 4 ta oliygohi faoliyat koʻrsatayotgani hamda Lal Bahodur Shastri va Mahatma Gandi nomidagi markazlar samarali ishlayotgani eʼtirof etildi. Shuningdek, 30 kunlik vizasiz tartib va haftasiga 14 marta amalga oshirilayotgan havo qatnovlari turizmni rivojlantirishga katta hissa qoʻshishi taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari soʻzining yakunida erishilgan kelishuvlar ijrosini toʻliq taʼminlash maqsadida keng qamrovli “yoʻl xaritasi” ishlab chiqilishini bildirib, hindistonlik hamkasbi va barcha ishtirokchilarga minnatdorlik izhor etdi.