Oʻzbekiston va BMT Taraqqiyot Dasturi Orol dengizi mintaqasidagi qishloq hududlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va BMT Taraqqiyot Dasturi Orol dengizi mintaqasidagi qishloq hududlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (UNDP)ning O‘zbekistondagi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida tomonlar Orolbo‘yi hududlarida aholi farovonligini oshirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va qishloq xo‘jaligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish borasidagi hamkorlik natijalarini sarhisob qildilar.
Uchrashuvda "Orolbo‘yi hududidagi eng zaif aholi qatlamlarining barqarorligini oshirish va yashil, inklyuziv rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash" loyihasining amalga oshirilishi jarayoni va erishilgan natijalar atroflicha muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, loyiha doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Kegeyli va Qorao‘zak tumanlarida suv ta’minoti infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha muhim ishlar amalga oshirildi. Natijada 3 ming nafarga yaqin qishloq aholisi sifatli va toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Loyiha nafaqat infratuzilmani yaxshilash, balki qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining samaradorligini oshirishga ham xizmat qilmoqda. Xususan, pilot hududlardagi uchta ishlab chiqarish kooperativiga texnik ko‘mak ko‘rsatilib, resurs tejovchi agrotexnologiyalarni joriy etish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish imkoniyatlari kengaytirildi. Bugungi kunda ushbu kooperativlar har yili 70 dan ortiq fermer xo‘jaliklariga agrotexnik xizmatlar ko‘rsatib, 3000 gektardan ziyod yer maydonida samarali faoliyat yuritmoqda.
Muloqot davomida tomonlar hamkorlikning istiqboldagi yo‘nalishlariga ham alohida e’tibor qaratdilar. Jumladan, loyihaning 2027–2031-yillarga mo‘ljallangan ikkinchi bosqichini amalga oshirish masalalari, yangi tashabbuslar va qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, Orolbo‘yi hududlarida ekologik muammolarni yumshatish, qishloq aholisi turmush darajasini yaxshilash, suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish hamda zamonaviy qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini keng joriy etish borasidagi hamkorlik kelgusida ham izchil davom ettiriladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar bugungi kungacha erishilgan natijalarni yuqori baholab, qishloq hududlarini barqaror rivojlantirish, aholi bandligini oshirish va yashil iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni yanada kengaytirish yuzasidan kelishib oldilar.