Oʻzbekiston Senati bolalar va ayollar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirdi

Oʻzbekiston Senati bolalar va ayollar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirdi

Oʻzbekiston Senati bolalar va ayollar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning15-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlarining kafolatlarini yana-da kuchaytirishga hamda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga, ayniqsa xotin-qizlar va bolalarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan tizimli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.

Mazkur Qonun ana shu islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, unda “bolaning eng ustun manfaatlari” tushunchasining huquqiy maqomi belgilanmoqda va u bolaga taalluqli har qanday masalani hal etishda ustuvor mezon sifatida qayd etilmoqda.

Oila kodeksiga kiritilayotgan tegishli o‘zgartirishlar bilan oilada bola manfaatiga oid har qanday masala ko‘rilayotganda bola o‘z fikrini erkin ifoda etish huquqiga ega ekanligi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlat organlarining vakolatlari ham kengaytirilmoqda.

Jumladan, Ijtimoiy himoya milliy agentligiga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ko‘zlab, sudlarga davlat boji to‘lamasdan ariza, shikoyat va daʼvolar taqdim etish, sud majlislarida o‘zining vakolatli vakili orqali ishtirok etish huquqi berilmoqda.

Bundan tashqari, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarni maxsus markazlarga joylashtirish bilan bog‘liq ijtimoiy kafolatlar aniqlashtirilib, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining maxsus markazga joylashtirilganligiga bir oydan ortiq bo‘lmagan davri unga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasini berish uchun asos bo‘lishi nazarda tutilmoqda.

Senatorlar taʼkidlaganidek, mazkur Qonun bolalar va xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilishda yangi bosqichni boshlab berib, jamiyatda insonparvarlik va ijtimoiy adolat tamoyillarini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling