O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Oʻzbekiston Prezidenti Xalqaro valyuta jamgʻarmasi bilan sheriklikni kengaytirish muhimligini taʼkidladi

UzDaily tahririyati · 29.06.2026 · 23:39 · 24 views
Oʻzbekiston Prezidenti Xalqaro valyuta jamgʻarmasi bilan sheriklikni kengaytirish muhimligini taʼkidladi

Oʻzbekiston Prezidenti Xalqaro valyuta jamgʻarmasi bilan sheriklikni kengaytirish muhimligini taʼkidladi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-iyun kuni Xalqaro valyuta jamgʻarmasi “Shveysariya guruhi”ning navbatdagi yigʻilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan jamgʻarma boshqaruvchi direktorining oʻrinbosari Bo Lini qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Bo Li davlatimiz rahbariga Xalqaro valyuta jamgʻarmasi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyevaning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Global moliya bozorlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.

Ushbu nufuzli xalqaro institut bilan amaliy hamkorlikni, eng avvalo, oʻtgan yil sentabr oyida Nyu-York shahrida Xalqaro valyuta jamgʻarmasi rahbari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlar doirasida yanada mustahkamlashning asosiy jihatlari koʻrib chiqildi.

Yurtimizda pul-kredit, valyuta va fiskal siyosatni takomillashtirish kabi yoʻnalishlarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarda jamgʻarma muhim oʻrin tutishi qayd etildi.

Makroiqtisodiy siyosat strategiyasi va raqamli toʻlovlar tizimini rivojlantirish, kapital harakatini liberallashtirish, milliy statistika metodologiyasi va davlat daromadlarini boshqarishni takomillashtirish hamda erkin valyuta ayirboshlash kursini qoʻllab-quvvatlash masalalarida ekspertlik va texnik koʻmakni yanada kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Mamlakatimiz iqtisodiy idoralari uchun kadrlar tayyorlash dasturlarini rivojlantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.