Oʻzbekiston Ombudsman vakolatlarini kuchaytirmoqda
Oʻzbekiston Ombudsman vakolatlarini kuchaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda bir guruh deputatlar tashabbusi bilan kiritilgan — Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) faoliyatini yanada samarali tashkil etishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ushbu hujjat Inson huquqlari bo‘yicha vakil faoliyatining ta’sirchanligini hamda mansabdor shaxslarning mas’uliyatini yanada oshirishga qaratilgan.
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonunda Ombudsmanga qo‘shimcha vakolatlar va ta’sir choralari berilgan edi. Xususan, Ombudsman inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida tashkilotlarga va mansabdor shaxslarga ogohlantirish, taqdimnoma, iltimosnoma va talabnoma kiritish huquqiga ega.
Shu munosabat bilan, Ombudsman institutining ushbu yangi vakolat va ta’sir mexanizmlarini amalda samarali qo‘llash uchun huquqiy asoslar yaratilmoqda.
Qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 197-4-moddasiga Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) kiritgan talabnomalarni mansabdor shaxslar tomonidan ko‘rib chiqmasdan qoldirganlik yoki ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzganlik yoxud ular yuzasidan bila turib qasddan ishonchsiz ma’lumotlarni taqdim etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilovchi o‘zgartirish kiritilmoqda.
Muhokamalar davomida deputatlar mazkur o‘zgartirishlar inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini mustahkamlashga, shuningdek davlat organlarining va ular mansabdor shaxslarining mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.