Oʻzbekiston delegatsiyasi MDH Monopoliyaga qarshi kurashish kengashi yigʻilishida ishtirok etdi
Oʻzbekiston delegatsiyasi MDH Monopoliyaga qarshi kurashish kengashi yigʻilishida ishtirok etdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 2–3 iyul kunlari Qozog‘iston Respublikasining Ostona shahrida MDHga aʼzo davlatlarning monopoliyaga qarshi qonunchilik buzilishlarini qo‘shma tekshirish bo‘yicha Shtabning 46-yig‘ilishi hamda Monopoliyaga qarshi siyosat bo‘yicha Davlatlararo kengashning yubiley 60-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirlarda Hamdo‘stlik davlatlarining raqobat sohasidagi vakolatli organlari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasiga Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farrux Karabayev rahbarlik qildi.
3 iyul kuni Monopoliyaga qarshi siyosat bo‘yicha Davlatlararo kengashning 60-yig‘ilishi doirasida Farrux Karabayev «MDHga aʼzo davlatlarda joriy davrda monopoliyaga qarshi siyosat sohasida ro‘y bergan eng muhim voqealar to‘g‘risida»gi masala yuzasidan maʼruza qildi. Unda O‘zbekistonda raqobat muhitini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari hamda raqamli iqtisodiyot sharoitida raqobat siyosatini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari taqdim etildi.
Maʼruzada mamlakatimizda davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirish, raqobat muhitini yana-da rivojlantirish, tovar bozorlarini liberallashtirish, davlat xaridlari tizimida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash hamda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Shuningdek, raqobat siyosatining zamonaviy mexanizmlari, jumladan raqamli monitoring tizimlari, monopoliyaga qarshi komplayens instituti va raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik ijrosini taʼminlashning yangi yondashuvlari haqida maʼlumot berildi.
Yig‘ilish ishtirokchilariga O‘zbekistonning raqamli platformalarni monopoliyaga qarshi tartibga solish sohasidagi ilg‘or tajribasi ham taqdim etildi. Xususan, raqamli platformalarning ustun mavqeini aniqlash mezonlari, ustun muzokara kuchi institutini qo‘llash amaliyoti, yirik platformalarda monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etish hamda raqamli bozorlarni tartibga solishni yana-da takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida so‘z yuritildi.
Shu bilan birga, Qo‘mita faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish, xususan davlat xaridlari va birja savdolarini monitoring qilish, raqobatga qarshi kelishuvlarni aniqlash, raqamli platformalarning huquqiy hujjatlarini tahlil qilish hamda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi.
Shuningdek, maʼruzada 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan raqobat muhitini rivojlantirish strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari ham bayon qilinib, unda tadbirkorlik subyektlari uchun maʼmuriy yuklamani qisqartirish, bozorlarga kirishdagi sunʼiy to‘siqlarni bartaraf etish, davlat monopoliyalarini bosqichma-bosqich qisqartirish, kamsitmaslik tamoyillarini keng joriy etish hamda raqobat sohasida raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘lamini kengaytirish nazarda tutilgani qayd etildi.
Yubiley yig‘ilish doirasida Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farrux Karabayev xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va MDH davlatlari monopoliyaga qarshi organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun Monopoliyaga qarshi siyosat bo‘yicha Davlatlararo kengashning Faxriy nishoni bilan taqdirlandi.
Tadbirlar yakunida ishtirokchilar raqobat siyosatining dolzarb yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdilar, huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha tajriba o‘rtoqlashdilar hamda raqobat sohasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.