Oʻzbekiston Bangkokda qogʻozsiz savdo tajribasini taqdim etdi
Oʻzbekiston Bangkokda qogʻozsiz savdo tajribasini taqdim etdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Taylandning Bangkok shahrida 8–12 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan Osiyo-Tinch okeani savdoni yengillashtirish forumi hamda “Qog‘ozsiz savdo – 2026” haftaligi doirasida Bojxona qo‘mitasi delegatsiyasi faol ishtirok etdi.
Xalqaro tadbirlar doirasida BMTning Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESCAP) tomonidan tashkil etilgan “Noqonuniy moliyaviy mablag‘lar harakatini aniqlash va ularga chek qo‘yishning metodologik va institutsional vositalari” mavzusidagi amaliy seminar o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston, Bangladesh va Qirg‘iziston vakillari ishtirok etib, noqonuniy moliyaviy oqimlarga qarshi kurashish sohasidagi ilg‘or yondashuvlar va amaliy tajribalar muhokama qilindi.
Seminar davomida Bojxona qo‘mitasi mutaxassislari mamlakatimizda iqtisodiy xavfsizlikni taʼminlash, noqonuniy kapital harakatiga qarshi kurashish hamda valyuta nazorati sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berib, ishtirokchilar bilan o‘zaro tajriba almashdi.
Shuningdek, BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPECA) doirasida Savdo bo‘yicha ishchi guruhning 21-sessiyasi hamda Osiyo va Tinch okeani mintaqasida transchegaraviy qog‘ozsiz savdoni yengillashtirish bo‘yicha Asosiy bitim Qog‘ozsiz savdo kengashining 5-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirlarda savdoni yengillashtirish, “Yagona darcha” tizimlarini rivojlantirish, elektron hujjatlar va sertifikatlarni o‘zaro tan olish, chegara va bojxona organlari o‘rtasida axborot almashinuvini kengaytirish, shuningdek, raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan tashqi savdo jarayonlarini raqamlashtirish, “Yagona darcha” axborot tizimini takomillashtirish, bojxona nazoratida xavflarni boshqarish va targetlash mexanizmlari hamda elektron shartnomalar tizimi bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilgan natijalar taqdim etildi.
Bundan tashqari, “CAREC mamlakatlarida tranzitni rivojlantirish: konsepsiyadan pilot amalga oshirishga qadar” mavzusidagi sessiyada Bojxona qo‘mitasi vakillari panelchi sifatida ishtirok etdi. Unda Ozarbayjon, Gruziya, ASEAN Kotibiyati, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro tashkilotlar ekspertlari mintaqaviy tranzit tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi
Tadbirlar davomida O‘zbekistonning savdoni yengillashtirish, raqamli bojxona xizmatlarini joriy etish va mintaqaviy tranzit salohiyatini oshirish borasidagi amaliy tajribasi xalqaro hamjamiyat vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.