O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

O‘zbekistonda xalqaro tijorat sudini tashkil etish masalasi muhokama qilindi

Dilafro'z Niyazova · 05.09.2026 · 16:05 · 35 views
O‘zbekistonda xalqaro tijorat sudini tashkil etish masalasi muhokama qilindi
O‘zbekistonda xalqaro tijorat sudini tashkil etish masalasi muhokama qilindi / Foto: Oʻzbekiston Prezidenti Matbuot Xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda «Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunni amalga oshirish doirasida Toshkent xalqaro tijorat sudini tashkil etish masalalari muhokama qilinmoqda.

4 sentyabr kuni adliya vaziri Akbar Toshqulov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Suma Chakrabarti bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Toshkent xalqaro tijorat sudi

Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri Toshkent xalqaro tijorat sudini tashkil etish bo‘ldi. Tomonlar «Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunni amalga oshirish doirasida tegishli huquqiy infratuzilmani shakllantirish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Muzokaralar ishtirokchilari, shuningdek, tijorat nizolarini hal etish mexanizmlarini rivojlantirish va xalqaro moliya markazining faoliyati uchun zarur bo‘lgan huquqiy muhitni yana-da takomillashtirish masalalarini muhokama qildi.

Mediativ kelishuvlar va xalqaro arbitrajni rivojlantirish

Uchrashuvda O‘zbekistonda mediatsiya, xalqaro arbitraj va nizolarni hal etishning boshqa muqobil mexanizmlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Tomonlar, shuningdek, xorijiy ekspertlar bilan hamkorlikni kengaytirish hamda ingliz huquqi sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Mediativ kelishuvlar soni to‘rt barobar oshdi

Uchrashuv davomida O‘zbekistonda mediatsiya instituti jadal rivojlanayotgani qayd etildi. 2026 yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, mediativ kelishuvlar soni 18 411 taga yetdi va to‘rt barobarga oshdi.

Shu davrda sud jarayonlari doirasida 2 897 ta mediativ kelishuv tuzildi. Adliya vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkichlar mamlakatda mediatsiya institutiga bo‘lgan ishonch ortib borayotgani va mazkur mexanizmdan foydalanishga talab yuqori ekanini ko‘rsatadi.

TXMM doirasida hamkorlik

Uchrashuv yakunida tomonlar Toshkent xalqaro moliya markazi doirasida zamonaviy huquqiy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.

Keyingi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari xalqaro nizolarni hal etish mexanizmlarini shakllantirish, mediatsiya va arbitrajni rivojlantirish, shuningdek, ingliz huquqi sohasida faoliyat yurita oladigan mutaxassislarni tayyorlash masalalaridan iborat bo‘ladi.