O‘zbekistonda umumiy ovqatlanishni tartibga solish yengillashadi
O‘zbekistonda umumiy ovqatlanishni tartibga solish yengillashadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish sohasida biznes yuritish bilan bog‘liq bir qator maʼmuriy tartib-taomillarni soddalashtirish rejalashtirilmoqda. Masalalar Savdo-sanoat palatasi tomonidan tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot davomida ko‘rib chiqildi.
Muhokamaning asosiy mavzularidan biri xodimlar bilan mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish masalasi bo‘ldi. Uchrashuv ishtirokchilari qayd etishicha, barcha sohalar uchun yagona talablar mavjud bo‘lsada, amaldagi meʼyorlar kafe va restoranlar faoliyatining o‘ziga xos jihatlarini yetarlicha hisobga olmaydi.
Xususan, kadrlar almashinuvining yuqoriligi, qisqa muddatli bandlik va ish jadvalining beqarorligi qayd etildi. Tadbirkorlar taʼkidlashicha, ushbu omillar rasmiy ishga qabul qilish jarayonini murakkablashtiradi va ayrim hollarda xodimlarni qonuniy tarzda yollashdan voz kechishga olib keladi.
Ushbu muammoni hal etish maqsadida xodimlarni soddalashtirilgan tarzda hisobga olish bo‘yicha raqamli tizim joriy etish taklif qilindi.
Rejaga ko‘ra, ish beruvchilar shaxsiy kabinet orqali xodimlarni pasport yoki ID-karta asosida ro‘yxatdan o‘tkazish, ish vaqti hisobini yuritish, soatbay yoki kunbay ish haqini hisoblash, shuningdek soliqlar va majburiy to‘lovlarni avtomatik tarzda hisoblash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Muhokama davomida ekologik to‘lovlar masalasi ham alohida ko‘tarildi. Hozirgi vaqtda chiqindilar meʼyorlaridan ortiqcha hajm uchun kompensatsiyalar 20 baravargacha oshirilgan koeffitsiyentlar asosida hisoblanishi mumkin.
Biznes vakillari bunday mexanizmlar umumiy ovqatlanish korxonalariga ham qo‘llanilayotganini taʼkidlab, bu katta moliyaviy yuklamaga olib kelayotganini bildirdi. Ayrim hollarda ushbu xarajatlar 80–100 million so‘mgacha yetayotgani qayd etildi.
Tadbirkorlar kafe va restoranlar sanoat obyektlari toifasiga kirmasligini, shuning uchun ularga nisbatan bunday koeffitsiyentlarni qo‘llash ortiqcha deb hisoblashini bildirdi.
Shu munosabat bilan mazkur soha uchun ekologik to‘lovlarni hisoblash tartibini qayta ko‘rib chiqish, shuningdek maydoni 200 kvadrat metrgacha bo‘lgan, jumladan turar joy binolarining birinchi qavatida joylashgan kichik korxonalar uchun oshiruvchi koeffitsiyentlarni kamaytirish yoki qo‘llamaslik taklif etildi.
Muloqot ishtirokchilari fikricha, bunday obyektlar gaz, elektr taʼminoti, yong‘in xavfsizligi va boshqa talablar bo‘yicha vakolatli organlar bilan kelishilgan holda faoliyat yuritmoqda, bu esa ularning xavfsiz ishlash imkoniyatini tasdiqlaydi.