O‘zbekistonda meningokokk infeksiyasiga qarshi choralar kuchaytirildi
O‘zbekistonda meningokokk infeksiyasiga qarshi choralar kuchaytirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda meningokokk infeksiyasi bilan kasallanish holatlari oshishi munosabati bilan qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Sanitariya-epidemiologik farovonlik va jamoat salomatligi qo‘mitasi maʼlumotiga ko‘ra, 2026 yilda kasallik holatlarining biroz oshishi qayd etilgan bo‘lib, bu ayniqsa bolalar o‘rtasida profilaktika tadbirlarini kuchaytirishni talab etgan.
Infeksiyaning yana-da tarqalishini oldini olish maqsadida mamlakatga 8024 doza vaksina olib kelingan. Hozirga qadar kasallanganlar bilan aloqada bo‘lgan 4862 nafar shaxs emlash bilan qamrab olingan. Vaksinatsiyaga tibbiy qarshi ko‘rsatmalari bo‘lgan fuqarolar uchun esa shifokorlar nazorati ostida kimyoviy profilaktika tashkil etilgan.
Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida respublika bo‘yicha 174 ta meningokokk infeksiyasi holati qayd etilgan bo‘lib, ularning 168 tasi 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Aprel oyida esa mart oyiga nisbatan kasallanish 14 foizga kamaygani kuzatilgan.
Meningit — bu odatda bakteriyalar yoki viruslar sababli kelib chiqadigan bosh va orqa miya pardalari yallig‘lanishidir. U tez rivojlanishi bilan xavfli bo‘lib, o‘z vaqtida tibbiy yordamni talab qiladi.
Mutaxassislar profilaktika choralari sifatida o‘z vaqtida emlanish, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, alomatlar paydo bo‘lganda zudlik bilan shifokorga murojaat qilish, shuningdek odamlar ko‘p to‘planadigan joylarga borishda ehtiyotkor bo‘lishni tavsiya etmoqda. Shuningdek, haj va umra safarlaridan oldin emlanish, qaytgandan keyin esa ommaviy tadbirlarda ishtirokni cheklash zarurligi alohida taʼkidlandi.
Vazirlikda taʼkidlanishicha, vaksinatsiya meningokokk infeksiyasidan himoyalanishning eng samarali usuli hisoblanadi.
Shu bilan birga, fuqarolar epidemiologik vaziyat haqida maʼlumot olishda faqat rasmiy manbalarga tayanishga chaqirildi.
Qo‘mita mamlakatda barqaror sanitariya-epidemiologik holatni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni davom ettirmoqda.