O'zbekistonda ishga qabul qilish rasmiyatchiliklari soddalashtiriladi

O'zbekistonda ishga qabul qilish rasmiyatchiliklari soddalashtiriladi

O'zbekistonda ishga qabul qilish rasmiyatchiliklari soddalashtiriladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda mehnat munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Mazkur hujjat bilan amaldagi qonunchilikka bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Muhokamalar davomida ta’kidlanganidek, qonun loyihasi mehnat munosabatlarini rasmiylashtirishni soddalashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda xodimlarning huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan.

Xususan, ishga qabul qilishda talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati qisqartirilmoqda. Taklif etilayotgan tartibga ko‘ra, fuqaroni ishga qabul qilishda asosan uning shaxsiy identifikatsiya raqami talab etiladi. Harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar esa harbiy guvohnoma yoxud harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnoma taqdim etishi lozim.

Shu bilan birga, mehnat munosabatlarini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ishga kirishda elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirma berish bekor qilinmoqda. Shuningdek, elektron raqamli imzo yoki biometrik identifikatsiya (Face-ID) orqali tasdiqlangan hujjatlar yuridik jihatdan qo‘lda imzolangan hujjatlar bilan tenglashtirilmoqda.

Qonun loyihasida mehnat jarayonida tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashishga doir normalar ham o‘z aksini topgan. Jumladan, bunday holatlarni taqiqlash, ularning oldini olish va jabrlangan xodimlarni himoya qilish choralari belgilanmoqda.

Bundan tashqari, ish beruvchi tomonidan ish haqi to‘lash muddati buzilgan taqdirda, har bir kechiktirilgan kun uchun pulli kompensatsiya to‘lash tartibi aniqlashtirilmoqda.

Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling