O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

O‘zbekistonda chakana savdo aylanmasi 20,7 foizga oshdi

UzDaily tahririyati · 01.07.2026 · 17:10 · 44 views
O‘zbekistonda chakana savdo aylanmasi 20,7 foizga oshdi

O‘zbekistonda chakana savdo aylanmasi 20,7 foizga oshdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 2026 yil yanvar–may oylarida chakana savdo aylanmasi 210 243,1 mlrd so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan real ifodada 20,7 foizga o‘sdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi maʼlum qildi.

2026 yil 1 iyun holatiga ko‘ra, mamlakatda chakana savdo sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 88 686 tani tashkil etdi. Shundan 439 tasi yirik korxonalar, 88 247 tasi esa kichik biznes subyektlari va mikrofirmalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Yirik korxonalarning tovar aylanmasi 38 880,6 mlrd so‘mni tashkil etib, o‘sish surʼati 125,6 foizga yetdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining tovar aylanmasi esa 143 386,8 mlrd so‘m bo‘lib, 18,0 foizga o‘sdi.

Hududlar kesimida chakana savdo sohasida eng yuqori o‘sish surʼatlari Toshkent shahrida 133,0 foiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 132,1 foiz va Sirdaryo viloyatida 127,2 foiz darajasida qayd etildi. Eng past o‘sish ko‘rsatkichlari esa Qashqadaryo viloyatida 108,0 foiz va Toshkent viloyatida 108,8 foizni tashkil qildi.

Chakana tovar aylanmasi tarkibida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ustunligi saqlanib qolmoqda. Ularning ulushi 2025 yildagi 82,2 foizdan 2026 yilda 81,5 foizni tashkil etdi. Ayni vaqtda yirik tashkilotlar ulushi 17,8 foizdan 18,5 foizgacha oshdi.

2026 yil yanvar–may oylarida ulgurji savdo aylanmasi 209 361,2 mlrd so‘mga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgi 172 044,5 mlrd so‘mga nisbatan real ifodada 15,4 foizga yuqori bo‘ldi. 1 iyun holatiga ko‘ra, ulgurji savdo sohasidagi korxonalar soni 55 216 tani tashkil qildi. Ularning 452 tasi yirik, 54 764 tasi esa kichik korxonalar va mikrofirmalardir.

Ulgurji savdo sohasida yirik korxonalar aylanmasi 68 203,2 mlrd so‘mni tashkil etib, 28,2 foizga o‘sdi. Kichik korxonalar aylanmasi esa 141 158,0 mlrd so‘m bo‘lib, 10,1 foizlik o‘sish qayd etildi. Respublika umumiy ulgurji savdosida kichik tadbirkorlikning ulushi 67,4 foizni tashkil qildi.

Hududlar bo‘yicha ulgurji savdoda eng yuqori o‘sish surʼatlari Navoiy viloyatida 119,7 foiz, Farg‘ona viloyatida 119,7 foiz va Qashqadaryo viloyatida 118,6 foiz darajasida kuzatildi. Eng past o‘sish ko‘rsatkichlari Namangan va Jizzax viloyatlarida qayd etildi hamda har ikki hududda 106,6 foizni tashkil qildi.

2026 yil yanvar–may oylarida umumiy ovqatlanish korxonalarining tovar aylanmasi 94 441,1 mlrd so‘mga yetdi va real ifodada 11,1 foizga o‘sdi. Iyun oyi boshiga kelib mazkur sohada 28 483 ta korxona faoliyat yuritgan bo‘lib, ularning 149 tasi yirik, 28 334 tasi esa kichik va mikrokorxonalardan iborat. Umumiy ovqatlanish aylanmasining 75,5 foizi kichik tadbirkorlik hissasiga, 24,5 foizi esa yirik korxonalar ulushiga to‘g‘ri keladi.