O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Qo‘mita qator viza operatorlarini ustun mavqega ega deb topdi

UzDaily tahririyati · 01.07.2026 · 17:50 · 37 views
Qo‘mita qator viza operatorlarini ustun mavqega ega deb topdi

Qo‘mita qator viza operatorlarini ustun mavqega ega deb topdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi VFS Global Services UBKN va Vizametric kompaniyalarini viza xizmatlari bozorining ayrim segmentlarida ustun mavqega ega deb eʼtirof etdi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.

Qabul qilingan qarorga muvofiq, VFS Global Services UBKN Avstriya, Vengriya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Daniya, Belgiya, Bolgariya, Xorvatiya, Chexiya, Estoniya, Finlyandiya, Gretsiya, Irlandiya, Latviya, Litva, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Yangi Zelandiya, Isroil va Maltaga chiqish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha viza xizmatlari bozorida ustun mavqeni egallagan kompaniya sifatida tan olindi.

Vizametric kompaniyasi esa AQSHga safarlarni rasmiylashtirish bo‘yicha viza xizmatlari bozorida ustun mavqega ega deb topildi. Mazkur qarorlar «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasi asosida qabul qilingan.

Shuningdek, qo‘mita TLS Contact kompaniyasini Germaniya va Fransiyaga safarlarni rasmiylashtirish bo‘yicha viza xizmatlari bozorida ustun muzokara kuchi sohibi deb eʼtirof etdi. Ushbu qaror «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 14-moddasiga muvofiq qabul qilindi.

Idorada taʼkidlanishicha, ustun mavqe yoki ustun muzokara kuchidan suiisteʼmol qilish raqobatning cheklanishiga yoki isteʼmolchilar hamda boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquq va qonuniy manfaatlari buzilishiga olib keluvchi harakatlar sifatida baholanadi.

Avvalroq blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari TLS Contact orqali Fransiya vizasini olish uchun hujjat topshirishga navbat olishda qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani haqida xabar qilgan edilar.

Shundan so‘ng O‘zbekistonda Fransiyaga qisqa muddatli vizalarni rasmiylashtirish uchun qabulga yozilishning yangi tizimi joriy etildi.