O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

O‘zbekiston delegatsiyasi Ispaniyada o‘rmonlarni barqaror boshqarish bo‘yicha ilg‘or tajribalar bilan tanishdi

UzDaily tahririyati · 01.07.2026 · 18:10 · 37 views
O‘zbekiston delegatsiyasi Ispaniyada o‘rmonlarni barqaror boshqarish bo‘yicha ilg‘or tajribalar bilan tanishdi

O‘zbekiston delegatsiyasi Ispaniyada o‘rmonlarni barqaror boshqarish bo‘yicha ilg‘or tajribalar bilan tanishdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston o‘rmon xo‘jaligi sohasi vakillaridan iborat delegatsiya Ispaniyaning Palensiya shahrida bo‘lib, o‘rmonlarni barqaror boshqarish, tabiatga yaqin o‘rmonchilik, iqlim o‘zgarishiga moslashuv hamda bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha ilg‘or amaliy tajribalarni o‘rgandi.

Tashrif FAO va Global ekologik fond (GEF) tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonning tog‘li va vodiy hududlarida o‘rmonlarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida tashkil etildi. Delegatsiya tarkibida FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov, loyiha koordinatori Azizbek Abdumuhtorov, O‘rmon xo‘jaligi agentligi vakillari — Khayrulla Poyanov, Gulrukh Niyazmetova, Dehqonobod davlat o‘rmon xo‘jaligi direktori Abdiraup Nortojiev hamda Kitob davlat o‘rmon xo‘jaligi bosh o‘rmonchisi — direktor o‘rinbosari Suhrob Burkhonov ishtirok etdi.

Dastur davomida delegatsiya Palensiya model o‘rmoni hududida amalga oshirilayotgan loyihalar, dala amaliyotlari va zamonaviy boshqaruv yondashuvlari bilan tanishdi. Ishtirokchilar tabiatga yaqin o‘rmonchilik tamoyillari, turli yoshdagi daraxtlardan tashkil topgan o‘rmonlarni boshqarish, tabiiy tiklanish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash hamda iqlim o‘zgarishi sharoitida o‘rmon ekotizimlarining barqarorligini oshirish masalalarini o‘rgandi.

Delegatsiya Bosque Modelo Palencia prezidenti Roberto Alonso boshchiligida o‘rmonlarda daraxtlarni belgilash amaliyotini kuzatdi. Shuningdek, Valyadolid universiteti va Cesefor mutaxassislari bilan hamkorlikda Single Tree loyihasi maydoni hamda Martelloscope tajriba uchastkasi ko‘zdan kechirildi. Ushbu amaliyotlar har bir daraxtni individual baholash, uni saqlab qolish yoki kesish bo‘yicha asoslangan qaror qabul qilish, o‘rmon tarkibini yaxshilash va ekologik qiymatni saqlashga qaratilgan.

“O‘rmonlar bioxilma-xillikni saqlash, suv resurslarini muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishiga moslashishda muhim ahamiyat kasb etadi. Palensiyada o‘rganilgan tajribalar O‘zbekistonda tabiatga yaqin o‘rmonchilik yondashuvlarini kengaytirish hamda o‘rmonlarni uzoq muddatli barqaror boshqarish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi”, — dedi FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov.

Tashrif davomida o‘rmon gidrotexnikasi bilan bog‘liq obyektlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Suv oqimlarini tartibga solish, eroziyaning oldini olish, tuproqni ushlab qolish va o‘rmon hududlarida gidrologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha amaliy yechimlar o‘rganildi.

Palensiyada o‘rganilgan tajribalar O‘zbekiston sharoitida ham dolzarb ahamiyatga ega. Xususan, tog‘oldi va eroziyaga moyil hududlarda tosh-gidrotexnik inshootlardan foydalanish, suv oqimini sekinlashtirish, tuproq yuvilishining oldini olish va o‘simlik qoplamini tiklash bo‘yicha yondashuvlar o‘rmonlarning himoya funksiyasini kuchaytirishga xizmat qilishi mumkin.

“Palensiya Model o‘rmonida qo‘llanilayotgan tabiatga yaqin o‘rmonchilik yondashuvlari O‘zbekiston sharoitida ham amaliy ahamiyatga ega ekaniga ishonch hosil qildik. Ayniqsa, har bir daraxtni individual baholash, tabiiy tiklanish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash hamda o‘rmonlarning ekologik barqarorligini saqlashga qaratilgan usullar samarali tajriba bo‘ldi. Dehqonoboddagi tog‘oldi va qurg‘oqchil hududlarda bunday yondashuvlarni mahalliy sharoitga moslashtirish o‘rmonlarning iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirish, tuproq eroziyasining oldini olish va ularning himoya funksiyalarini kuchaytirishga xizmat qiladi”, — dedi Dehqonobod o‘rmon xo‘jaligi direktori Abdurauf Nortojiev.

“Bu yerda o‘rganilgan tajribalar o‘rmonlarni barqaror boshqarishda ilmiy yondashuv va amaliyotning uyg‘unligini yaqqol namoyon etdi. Ayniqsa, o‘rmonlarning tabiiy tiklanishini qo‘llab-quvvatlash, turli yoshdagi daraxtlardan iborat barqaror o‘rmonlarni shakllantirish hamda har bir daraxtning ekologik ahamiyatini hisobga olgan holda qaror qabul qilish usullari biz uchun qimmatli tajriba bo‘ldi. Kitob o‘rmon xo‘jaligida ham bunday yondashuvlarni mahalliy tabiiy sharoitlardan kelib chiqib qo‘llash o‘rmonlarning barqarorligini oshirish, bioxilma-xillikni saqlash va ularning himoya funksiyalarini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi”, — dedi Kitob o‘rmon xo‘jaligi bosh mutaxassisi Suhrob Burxonov.

Tashrif yakunida delegatsiya a’zolari o‘rganilgan tajribalarni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Tabiiy tiklanish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash, bioxilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishiga chidamli o‘rmon boshqaruvi modelini rivojlantirish hamda ekotizim xizmatlarini mustahkamlash ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.

Olingan bilim va amaliy tajribalar O‘zbekistonda o‘rmonlarni barqaror boshqarish va o‘rmon ekotizimlarining iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.