O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

O‘zbekistonda besh oyda 146 mingdan ortiq avtomobil sotildi

UzDaily · 23.06.2026 · 12:00 · 26 views
O‘zbekistonda besh oyda 146 mingdan ortiq avtomobil sotildi

O‘zbekistonda besh oyda 146 mingdan ortiq avtomobil sotildi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yilning dastlabki besh oyi davomida O‘zbekiston avtosanoat korxonalari jami 146 361 ta avtomobil sotdi. Bu haqda UzAutoSanoat assotsiatsiyasi yanvar–may davri uchun eʼlon qilingan statistik maʼlumotlarda xabar berdi.

Bozorda eng yirik ishtirokchi sifatida UzAuto Motors yetakchilikni saqlab qolmoqda. Kompaniya ushbu davrda 69 001 ta avtomobil sotgan bo‘lib, bu umumiy sotuv hajmining 47,1 foizini tashkil etadi.

Ikkinchi o‘rinda UzAuto Khorezm turibdi. Korxona 45 756 ta avtomobil sotib, bozorning 31,3 foiz ulushini egallagan.

Uchinchi o‘rin ADM Jizzakh hissasiga to‘g‘ri keldi. Ushbu ishlab chiqaruvchi 17 417 ta avtomobil sotib, 11,9 foiz ulushni qayd etgan.

BYD Uzbekistan Factory 13 700 ta avtomobilni sotgan bo‘lib, 9,4 foizlik ulushga ega bo‘ldi. Samarqand Avtomobil Zavodi 386 ta (0,3 foiz), Asaka Motors esa 101 ta (0,1 foiz) avtomobil sotgan.

Sotuvlar tarkibida B toifali sedanlar bozorning asosiy qismini egallab, 35,3 foizni tashkil etdi. Yengil tijorat avtomobillari 31,4 foiz, SUV-B toifali yo‘ltanlamaslar 21,5 foiz, SUV-C krossoverlar 6,8 foiz ulushga ega bo‘ldi. C va D sinf sedanlari mos ravishda 2,8 va 1,2 foizni tashkil etdi.

Brendlar kesimida Chevrolet 114 757 ta sotilgan avtomobil bilan yetakchi bo‘lib qolmoqda. Keyingi o‘rinlarda BYD (13 700), Kia (9 945), Chery (3 795) va Haval (3 580) joylashgan. SamAuto 275 ta, Foton 111 ta, Hyundai esa 101 ta avtomobil sotgan.

Eng ommabop modellar reytingida Cobalt 35 245 ta natija bilan birinchi o‘rinni egallagan. Keyin Damas 29 743 ta va Tracker 16 924 ta ko‘rsatkich bilan keladi. Birinchi beshlikka Onix (16 469) va Labo (15 486) ham kirgan. Shuningdek, ommabop modellar qatorida Kia Sonet (8 026), BYD Song Plus DM-i Uzpride (4 643), BYD Yuan-Up (3 606) va Chazor Champion (3 018) qayd etilgan.

UzDaily · 👁 26 views · 23.06.2026 · 12:00