O‘zbekiston Xitoyning kosmetika kompaniyasi bilan hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston Xitoyning kosmetika kompaniyasi bilan hamkorlikni muhokama qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi vakillari Xitoyning Guanchjou shahrida joylashgan yetakchi kosmetika kompaniyalaridan biri bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar sheriklik munosabatlarini rivojlantirish imkoniyatlari, shuningdek ishlab chiqarishni tashkil etish va kosmetika industriyasini rivojlantirish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni ko‘rib chiqdi. Xitoy kompaniyasi brend boshqaruvi hamda mahsulotlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish strategiyalari bo‘yicha o‘z tajribasini taqdim etdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston tomoni milliy bozor salohiyati, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni rivojlantirish uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida maʼlumot berdi.
Xitoy tomoni O‘zbekiston bozorini yana-da batafsil o‘rganish va istiqbolda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlariga qiziqish bildirdi.