O‘zbekiston va XAEA yadro energetikasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi

O‘zbekiston va XAEA yadro energetikasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi

O‘zbekiston va XAEA yadro energetikasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Atom energiyasi agentligi direktori A.Axmedxadjayevning XAEA Bosh direktori Rafael Grossi bilan ikki tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar o‘zaro hamkorlikning barqaror rivojlanayotgani hamda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ning ijro etilishini qayd etdilar.

R. Grossi O‘zbekistonning milliy yadro infratuzilmasini shakllantirish borasidagi sa’y-harakatlarini, shuningdek, mamlakatning atom energetikasini xalqaro standartlar va XAEA tavsiyalariga muvofiq rivojlantirishga doir izchil yondashuvini ijobiy baholadi. U O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar ushbu ishlar uchun zarur sharoitlarni yaratganini alohida ta’kidladi.

Asosiy e’tibor 2026-yilning ikkinchi yarmiga rejalashtirilgan INIR (Yadroviy infratuzilmani integratsiyalashgan holda ko‘rib chiqish) missiyasining navbatdagi bosqichiga tayyorgarlik ko‘rishga qaratildi. Tashrif doirasida XAEA mutaxassislari Jizzax viloyatida AES qurilishi loyihasining borishini o‘rganadilar. R. Grossi ushbu missiyaga tayyorgarlik darajasini yuqori baholab, uning O‘zbekiston atom dasturini amalga oshirishda muhim bosqich bo‘lishini qayd etdi.

Tomonlar, shuningdek, loyihaning amaliy bosqichi - mamlakatdagi birinchi AESning Jizzax viloyati Forish tumanidagi qurilish maydonchasida ilk beton quyish ishlarini boshlash masalasini muhokama qildilar. R. Grossi loyihaning ahamiyati va uning o‘ziga xos jihati – yagona majmua doirasida katta va kichik quvvatli reaktorlarni integratsiya qilish rejalashtirilayotganiga e’tibor qaratdi.

Uchrashuv yakunida XAEA Bosh direktori Agentlik O‘zbekistonning yadroviy dasturini amalga oshirishini qo‘llab-quvvatlashda davom etishga tayyorligini tasdiqladi. U ilk beton quyish ishlarini boshlash marosimida ishtirok etish taklifini qabul qildi.

Shuningdek, tomonlar XAEA Kotibiyatidagi o‘zbekistonlik mutaxassislar sonini ko‘paytirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Bunday qadam milliy tajribani xalqaro loyihalarga yanada samaraliroq integratsiya qilish imkonini beradi va mamlakatning atom sohasidagi kadrlar salohiyatini mustahkamlaydi.

O‘zbekiston va XAEA hamkorligi – bu ishonch, mas’uliyat va kelajakka intilish timsolidir. Mamlakatimiz eng ilg‘or texnologiyalar va yuksak xavfsizlik standartlariga qat’iy sodiqlikka tayangan holda, tinch atom yo‘lidan ishonch bilan odimlamoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling