O'zbekiston va Templeton aktivlarni xususiylashtirishni muhokama qilishdi
O'zbekiston va Templeton aktivlarni xususiylashtirishni muhokama qilishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 17-iyun kuni “Templeton Global Investments” kompaniyasining Bosh investitsiya direktori Manraj Sehon boshchiligidagi delegatsiya vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi Obid Hakimov, Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda “Templeton Global Investments” kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Marius Dan, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshed Mustafayev hamda boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda davlat aktivlarini samarali boshqarish, xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish, davlat ishtirokidagi korxonalarni transformatsiya jarayonlarini kengaytirish hamda ularni zamonaviy bozor mexanizmlari asosida rivojlantirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Xususan, muloqot davomida tomonlar davlat korxonalarining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, ularning operatsion samaradorligini oshirish, korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish va kapital bozoriga bosqichma-bosqich olib chiqish bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Tomonlar davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish jarayonida xalqaro tajriba, institutsional investorlar bilan ochiq va tizimli muloqot, shuningdek, shaffoflik va hisobdorlik tamoyillarini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish, yuqoridagi masalalar yuzasidan fikrlar almashinuvi jarayonlarini kengaytirish hamda belgilangan maqsadlarga yetishda tizimli va samarali faoliyat yuritishga kelishib oldi.