O‘zbekiston va Gonkong Qo‘shma biznes kengashini tuzadi
O‘zbekiston va Gonkong Qo‘shma biznes kengashini tuzadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Gonkong Savdo palatasi O‘zbekiston-Gonkong Biznes Kengashini tashkil etishni nazarda tutuvchi o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar.
Hujjat ikki tomon ishbilarmon doiralari o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.
Yangi Biznes kengashi O‘zbekiston va Gonkong tadbirkorlari o‘rtasidagi hamkorlik uchun doimiy platformaga aylanadi. Uning faoliyati ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni ilgari surish, shuningdek savdo va investitsiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga yo‘naltiriladi.
Kelishuvni imzolashga tayyorgarlik joriy yil mart oyida O‘zbekistonning Xitoydagi Favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziyevning Gonkong Bosh savdo palatasiga tashrifi chog‘ida boshlangan.
Keyinchalik tomonlar bir qator uchrashuvlar va maslahatlashuvlar doirasida ishlarni davom ettirgan. Hamkorlik rivojiga qo‘shimcha turtki joriy yil may oyida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi delegatsiyasining Gonkongga tashrifi orqali berilgan.
Erishilgan kelishuvlarga muvofiq, amaliy hamkorlik biznes-forumlar o‘tkazish, B2B formatidagi uchrashuvlarni tashkil etish, savdo missiyalarini amalga oshirish va biznes vakillari o‘rtasida tajriba almashish orqali rivojlantiriladi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida taʼkidlanishicha, memorandum qoidalarini amalga oshirish ikki tomon tadbirkorlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, o‘zaro savdo hajmini oshirish va O‘zbekiston hamda Gonkong o‘rtasidagi investitsiyaviy sheriklikni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.