O‘zbekiston va Germaniya birinchi xonimlari inklyuziv xabga tashrif buyurdi
O‘zbekiston va Germaniya birinchi xonimlari inklyuziv xabga tashrif buyurdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Germaniya Federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasining birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva hamda Germaniya birinchi xonimi Elke Byudenbender o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbatdan so‘ng davlat rahbarlari rafiqalari Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Xalqaro inklyuziv xabga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida mehmonlarga inklyuziv kasbiy taʼlimni rivojlantirish, zamonaviy taʼlim texnologiyalarini joriy etish va yoshlarni, jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni talab yuqori bo‘lgan ko‘nikma va kasblarga o‘qitishga qaratilgan xab faoliyati taqdim etildi.
Birinchi xonimlar muassasaning o‘quv ustaxonalari va amalga oshirilayotgan loyihalari bilan tanishdi, shuningdek o‘quvchilar bilan muloqot qildi.
Tashrif tashkilotchilari maʼlumotiga ko‘ra, Elke Byudenbender O‘zbekistonda inklyuziv jamiyatni rivojlantirish, kasbiy taʼlim tizimini takomillashtirish hamda yoshlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.