Toşkent, Özbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Suhrobjon Bobokalonov Fransiya Yevropa va tashqi ishlar vazirining barqaror shaharlar va transport masalalari bo‘yicha maxsus vakili Jerar Volf bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Tomonlar turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, jumladan, tog‘ turizmini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Uchrashuvda Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Ualid Fuk ham ishtirok etdi.
Uchrashuv ishtirokchilari madaniy meros obyektlarining turistik salohiyatidan samarali foydalanish, turistik infratuzilmani rivojlantirish va soha uchun malakali kadrlar tayyorlash masalalarini ko‘rib chiqdi.
O‘zbekiston tomoni turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish choralari hamda hududlarning turistik salohiyatidan foydalanish borasidagi ishlar haqida maʼlumot berdi.
Jerar Volf ikki tomonlama hamkorlik uchun keng imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladi. U turizmning iqtisodiyotdagi ulushini oshirish, madaniy meros obyektlarining jozibadorligini kuchaytirish, shuningdek, turizm va mehmondo‘stlik sohalari uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha Fransiya tajribasini o‘rganishni taklif qildi.
Wilmotte & Associés Architectes arxitektura kompaniyasi bosh direktori B. Andriye turizm va mehmondo‘stlik sohalarida taʼlim dasturlarini ishlab chiqish hamda O‘zbekiston turistik infratuzilmasini takomillashtirishga qiziqish bildirdi. Kompaniya bilan shaharsozlik sohasida ham muzokaralar olib borilmoqda.
Uchrashuv davomida tog‘ turizmini rivojlantirish masalasi ham muhokama qilindi. Tomonlarga Fransiyaning MND kompaniyasi tomonidan «Chimgan turistik zonasi» loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, keyingi bosqichda POMA kompaniyasi bilan hamkorlikda “Uzbek-Courchevel” loyihasini amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar turistik xizmatlarni diversifikatsiya qilish, madaniy meros obyektlarining salohiyatini oshirish, kadrlar tayyorlash hamda turistik infratuzilma va arxitektura sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.