O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida yangi shartnomalar imzoladi

UzDaily · 17.06.2026 · 18:15 · 27 views
O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida yangi shartnomalar imzoladi

O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida yangi shartnomalar imzoladi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahridagi CAEx majmuasida V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tkazilayotgan ko‘rgazma mamlakatimiz iqtisodiyotining turli tarmoqlarida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim maydonga aylandi. Forum doirasida qator istiqbolli investitsiyaviy va texnologik hamkorlik kelishuvlari imzolanmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Ukrainaning chorvachilik va agrotexnologiyalar sohasida faoliyat yurituvchi “Bratslav” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi. Mazkur hujjat O‘zbekistonda zamonaviy chorvachilik texnologiyalarini joriy etish, go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda ularni chuqur qayta ishlash yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishni nazarda tutadi.

Kelishuv doirasida ilg‘or xorijiy tajribalarni tatbiq etish, chorvachilik tarmog‘ining samaradorligini oshirish, qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik amalga oshiriladi.

Shuningdek, forum doirasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Italiyaning “Gamma Meccanica S.p.A.” kompaniyasi o‘rtasida ham o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat izolyatsiya materiallari ishlab chiqarish, plastik chiqindilarni qayta ishlash texnologiyalarini joriy etish, aylanma iqtisodiyot tamoyillarini rivojlantirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va sanoat hamkorligini kengaytirishga qaratilgan.

Tomonlar ushbu hamkorlik orqali zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, resurslardan samarali foydalanish, ekologik xavfsizlikni mustahkamlash hamda innovatsion sanoat loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishga kelishib oldilar.

UzDaily · 👁 27 views · 17.06.2026 · 18:15