O‘zbekiston JCHda Kolumbiyaga qarshi o‘yinni mag‘lubiyat bilan boshladi
O‘zbekiston JCHda Kolumbiyaga qarshi o‘yinni mag‘lubiyat bilan boshladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston terma jamoasi futbol bo‘yicha jahon chempionatining guruh bosqichi birinchi turida Kolumbiya terma jamoasiga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Uchrashuv Mexiko shahrida bo‘lib o‘tdi va O‘zbekiston jamoasi uchun jahon chempionatlari tarixidagi debyut o‘yin bo‘ldi.
Kolumbiya terma jamoasi safida gollarga 40-daqiqada Daniel Munyos, 65-daqiqada Luis Dias hamda ikkinchi bo‘limga qo‘shib berilgan vaqtda Xaminton Kampas mualliflik qildi. O‘zbekiston terma jamoasining yagona golini 60-daqiqada Turkiyaning “Bashakshexir” klubida to‘p surayotgan Abbosbek Fayzullayev kiritdi. Ushbu gol O‘zbekiston terma jamoasining jahon chempionatlari tarixidagi ilk goli bo‘ldi.
O‘yindan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro jamoa qiziqarli o‘yin namoyish etganini va ikkinchi bo‘limda o‘yin yo‘nalishini o‘zgartira olganini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, futbolchilar bir nechta xavfli vaziyatlar yaratgan va tashabbusni o‘z nazoratiga olishga harakat qilgan.
Murabbiy terma jamoa turnirga O‘zbekistonni jahon arenasida munosib tarzda namoyon etish maqsadida kelganini taʼkidladi. Shuningdek, u jamoa o‘yinida xatolar bo‘lganini tan oldi va murabbiylar shtabi ularni bartaraf etish ustida ishni davom ettirishini bildirdi.
Kannavaroning taʼkidlashicha, Kolumbiya kabi jamoaga qarshi bahs jiddiy sinov bo‘lgan, ammo umumiy hisobda ikkinchi bo‘limdagi harakatlar ijobiy taassurot qoldirgan. Uning fikricha, ushbu uchrashuv O‘zbekiston futboli uchun tarixiy o‘yin sifatida yodda qoladi.
Birinchi turdan so‘ng K guruhida Kolumbiya terma jamoasi uch ochko jamg‘ardi. Guruhning yana bir uchrashuvida Portugaliya va DR Kongo terma jamoalari 1:1 hisobida durang o‘ynadi.
Ikkinchi turda 23 iyun kuni O‘zbekiston terma jamoasi Portugaliyaga qarshi bahs olib boradi, Kolumbiya esa keyingi kuni DR Kongo bilan uchrashadi.
Futbol bo‘yicha jahon chempionati AQSH, Kanada va Meksikada o‘tkazilmoqda. 48 ta terma jamoa ishtirok etayotgan musobaqa 19 iyul kuni yakunlanadi. Amaldagi jahon chempioni Argentina terma jamoasi hisoblanadi.